MG IM LS9 yangi sensorlar va LiDAR tizimini oladi

15-oktabr 2026 13:07 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
MG IM LS9 yangi sensorlar va LiDAR tizimini oladi
Foto: CarNewsChina

MG’ning premium yo‘nalishidagi MG IM Motors brendi yirik LS9 SUV modelini yangilashga tayyorlanmoqda. Kamuflyajlangan prototip Shanxayda yo‘l sinovlari vaqtida ko‘rindi, deb yozmoqda CarNewsChina.

Yangilangan avtomobil tashqi ko‘rinishda keskin o‘zgarish olmagan, biroq sensorlar to‘plami va eshik tutqichlari qayta ishlangan.

Yarim yashirin eshik tutqichlari o‘rnatiladi

Hozirgi IM LS9’da to‘liq ichkariga kirib ketadigan eshik tutqichlari ishlatiladi. Yangilangan versiyada esa ular yarim yashirin konstruksiyaga almashtirilishi kutilmoqda.

Bu o‘zgarish Xitoyda 2027-yildan kuchga kiradigan yangi eshik tutqichlari xavfsizlik talablariga moslashish bilan bog‘liq.

Old qanotga qo‘shimcha sensorlar joylashtirilgan

Sinov avtomobilining old qanotida yirik sensor bloki ko‘ringan. U uchta kamera va bitta LiDAR sensorini o‘z ichiga oladi.

Amaldagi IM LS9 tom qismida bitta 520 qatorli LiDAR’dan foydalanadi. Uning ma’lumotlari 700 TOPS hisoblash quvvatiga ega Nvidia Thor chipiga uzatiladi.

Qo‘shimcha sensorlar yangilangan modelda yanada ilg‘or haydovchiga yordam tizimi joriy etilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Foto: CarNewsChina

Raqobatchilarga javob bo‘lishi mumkin

CarNewsChina’ga ko‘ra, yangi tizim Geely’ning G-ASG G-Pilot H9 va Li Auto’ning ko‘p LiDAR’li yangi yechimlariga javob sifatida ishlab chiqilishi mumkin.

Biroq IM Motors hozircha yangilangan LS9’ning haydovchiga yordam tizimi imkoniyatlarini rasman ochiqlamagan.

Uzunligi 5,2 metrdan oshadi

IM LS9’ning uzunligi 5 279 mm, kengligi 2 000 mm, balandligi 1 806 mm. G‘ildirak bazasi 3 160 mmni tashkil etadi. Salon olti o‘rindiqli bo‘lib, 2+2+2 sxemasida joylashtirilgan.

Eng kuchli versiya 738 ot kuchiga ega

Model EREV, ya’ni masofani uzaytiruvchi benzin generatoriga ega elektromobil sifatida taklif qilinadi. Kapot ostidagi 1,5 litrli dvigatel g‘ildiraklarni bevosita harakatlantirmaydi, balki elektr tizimi uchun generator vazifasini bajaradi.

52 va 66 kVt·soat sig‘imli batareyalar taklif qilinadi.

Ikki motorli to‘liq uzatmali versiya 380 kW yoki 510 ot kuchi, uch motorli variant esa 550 kW yoki 738 ot kuchi ishlab chiqaradi.

Faqat elektr energiyasida yurish masofasi CLTC siklida 320 – 402 km, WLTP bo‘yicha esa taxminan 262 – 330 kmni tashkil etadi.

Xitoydagi narxi $49,7 mingdan boshlanadi

IM LS9 Xitoyda 332,8 ming yuandan 379,8 ming yuangacha, ya’ni taxminan $49,7 – 56,8 ming oralig‘ida sotiladi. Yangilangan versiyaning taqdimot sanasi va narxi hozircha e’lon qilinmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri MG 07 Wagon avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek