Yangi Chevrolet Cobalt avtomobili sotib olishga arziydimi

15-oktabr 2026 14:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangi Chevrolet Cobalt avtomobili sotib olishga arziydimi
Rasm SI yordamida tahrirlandi: Manba: Chevrolet

Chevrolet Cobalt Markaziy Osiyoda eng ko‘p uchraydigan avtomobillardan biri. Gas Bas YouTube kanali Qirg‘izistondagi modelni shahar va trassada sinab ko‘rish bilan cheklanmay, uning zavoddagi yig‘ilish jarayonidan tortib, avtosportdagi imkoniyatlari va rasmiy diler narxlarigacha o‘rgandi.

Video muallifi Cobalt’ni, avvalo, kundalik foydalanishga mo‘ljallangan sodda avtomobil sifatida ta’riflaydi: u dizayn yoki hashamat bilan ajralib turishga emas, odam va yuk tashish, ishga borish hamda daromad qilish kabi amaliy vazifalarga yo‘naltirilgan.

1,5 litrli motor va 155 mm klirens

Foto: You Tube

Videoda namoyish etilgan Cobalt 1,5 litrli atmosferali to‘rt silindrli, 16 klapanli dvigatel bilan jihozlangan. Motor 106 ot kuchi ishlab chiqaradi. Avtomobil old g‘ildirakdan tortadi, old qismida diskli, orqada esa barabanli tormozlar o‘rnatilgan.

G‘ildiraklar 15 dyuymli bo‘lib, 195/65 o‘lchamdagi shinalardan foydalanilgan. Old osma MacPherson sxemasida qurilgan.

Yoqilg‘i baki 46 litr, klirens esa 155 mm. Video muallifining bahosiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich Cobalt’dan nafaqat shaharda, balki asfaltlanmagan va notekis yo‘llarda ham foydalanish uchun yetarli.

Katta bagaj Cobalt’ning asosiy ustunliklaridan biri

Foto: You Tube

Cobalt’ning bagaj bo‘limiga videoda alohida e’tibor qaratilgan. Muallif uni oilaviy foydalanish, taksi va turli yuklarni tashish uchun qulay deb baholaydi.

Orqa o‘rindiqlar suyanchig‘i buklanadi, bu uzunroq buyumlarni salongacha joylashtirish imkonini beradi. Mashinada to‘laqonli zaxira g‘ildirak va asboblar to‘plami ham mavjud.

Amaliy sinov vaqtida bagajga bir nechta quti, katta va kichik chamadonlar hamda bir necha ryukzak joylashtirilgan va shundan keyin ham bo‘sh joy qolgani ko‘rsatilgan.

185 sm bo‘yli yo‘lovchi ham orqada bemalol o‘tiradi

Foto: You Tube

Salon dizayni sodda va amaliy. Videoda konditsioner, standart multimedia, elektr oynalar, yon ko‘zgularni boshqarish, rul balandligini sozlash va avtomatik uzatmalar qutisi ko‘rsatiladi.

Muallifning bo‘yi qariyb 185 sm bo‘lishiga qaramay, haydovchi o‘rindig‘i o‘ziga moslab sozlangan holatda orqa qatorda tizzalari oldingi o‘rindiqqa tegmagan. Bosh qismida ham yetarli masofa qolgan.

Cobalt Qirg‘izistonda qanday yig‘iladi

Gas Bas jamoasi Belovodskoye qishlog‘idagi Tulpar Motors zavodiga ham tashrif buyurgan. Videoda Cobalt zavodga kuzovi asosan tayyor holatda kelishi, keyinchalik unga dvigatel, osma qismlari va boshqa yirik agregatlar o‘rnatilishi ko‘rsatilgan.

Foto: You Tube

Yig‘ish davomida dvigatel va boshqa qismlar avval tashqi nuqsonlarga tekshiriladi. Keyin yirik agregatlar o‘rnatilib, elektr simlari ulanadi, texnik suyuqliklar quyiladi va dvigatel birinchi marta ishga tushiriladi.

Shundan keyin avtomobil sun’iy notekisliklardan o‘tkazilib, osma tizimi sinovdan o‘tkaziladi. G‘ildiraklar geometriyasi kompyuter yordamida sozlanadi, alohida stendda asosiy va qo‘l tormozi tekshiriladi.

Videodagi zavod mutaxassisining aytishicha, sinovdan o‘tgan avtomobilda old tormozlar o‘rtasidagi farq 3 foiz, orqa tormozlarda esa 2 foizni tashkil etgan. Mutaxassis buni talabga mos natija sifatida baholagan.

Faralar, konditsioner va hatto begona shovqinlar tekshiriladi

Foto: You Tube

Yakuniy nazoratda kuzovdagi bo‘yoq, tirqishlar, salon elementlari va ehtimoliy tirnalishlar ko‘zdan kechiriladi. Eshik tutqichlari, elektr oynalar, markaziy qulf, o‘rindiqlar, rul, konditsioner va elektronika ham sinovdan o‘tkaziladi.

So‘ng avtomobil test-drayvga chiqariladi. Unda tezlanish, tormozlash, burilishlar, qo‘l tormozi, dvigatel va osmadagi begona tovushlar tekshiriladi.

Cobalt avtosportda ham sinab ko‘rilgan

Videoning yana bir qismi Qirg‘izistondagi Gymkhana Mono Series musobaqasiga bag‘ishlangan. Ushbu formatda barcha ishtirokchilar bir xil, zavod holatidagi Cobalt avtomobillarida qatnashadi. Shu tariqa natija avtomobilni qayta jihozlashdan ko‘ra ko‘proq haydovchining mahoratiga bog‘liq bo‘ladi.

Musobaqa ishtirokchilaridan biri Cobalt’lar ko‘plab agressiv mashg‘ulotlardan keyin ham qizib ketmagani va nosozlik bermaganini ta’kidlagan.

U o‘zida ham Cobalt ikki yil bo‘lganini va avtomobil qariyb 120 ming km yurguniga qadar asosan sarflanuvchi qismlar almashtirilganini aytgan. Bu — video qahramonining shaxsiy tajribasi, ishlab chiqaruvchining kafolati emas.

Qirg‘izistonda Cobalt narxi qancha

Rasmiy diler vakilining videoda aytishicha, Qirg‘izistonda Cobalt LT, LT2, M7 va Midnight komplektatsiyalarida taklif qilinadi.

Eng arzon versiyaning narxi 1 mln Qirg‘iziston somidan, ya’ni taxminan $11,4 mingdan boshlanadi. Midnight yuqori komplektatsiyasi esa 1,35 mln som — qariyb $15,4 ming turadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt kuniga 107 ming so‘mdan taklif qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek