12 000 mA/soat batareyali Blackview Xplore 6 taqdim etildi

8-sentabr 2026 08:15 eʼlon qilindi

(9-sentabr 2026 01:05 yangilandi)
Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
12 000 mA/soat batareyali Blackview Xplore 6 taqdim etildi
Foto: Notebookcheck

Blackview kompaniyasi IFA 2026 ko‘rgazmasida yangi himoyalangan Blackview Xplore 6 smartfonini namoyish etdi. Bu haqda Notebookcheck nashri xabar bermoqda.

Modelning eng noodatiy jihatlaridan biri tashqi telekonverterni ulash imkoniyati bo‘ldi. Uning yordamida smartfonning periskop teleobyektividagi 3 karra optik zum 10 karra kattalashtirishgacha oshadi.

10 karra zum uchun alohida telekonverter

Xplore 6 uchun 3,33 karra telekonverter maxsus himoya g‘ilofga o‘rnatiladi. Aksessuar ulangach, smartfon uni avtomatik aniqlaydi va kamera ilovasida tegishli belgi paydo bo‘ladi.

Shunda ekvivalent fokus masofasi 230 mm gacha yetadi. Raqamli zum bilan birgalikda esa bu ko‘rsatkich 1600 mm gacha oshishi mumkin.

To‘rtta 50 MP kamera

Smartfonning asosiy kamera blokida uchta modul bor va ularning har biri 50 MP sensorga ega.

Foto: Notebookcheck

Asosiy kamerada 1/1,3 dyuymli yirik OmniVision OV50H sensori ishlatilgan. Asosiy va periskop kamerada optik tasvir barqarorlashtirish tizimi mavjud.

Old kamera ham 50 MP bo‘lib, uning diafragmasi F/2,45 ni tashkil qiladi.

Orqa panelda ham alohida ekran bor

Xplore 6 yana bir noodatiy yechim – orqa paneldagi ikkinchi ekran bilan jihozlangan.

Bu displeyning diagonali 1,47 dyuym, aniqligi esa 368 × 194 pikselni tashkil qiladi. Unda tizim ma’lumotlari, multimedia boshqaruvi va boshqa elementlar ko‘rsatiladi.

Ikkinchi ekran vizor sifatida ham ishlashi mumkin. Bu foydalanuvchiga asosiy 50 MP kamera orqali selfi olish imkonini beradi.

Dimensity 9400+ va 18 GB tezkor xotira

Foto: Notebookcheck

Blackview Xplore 6 MediaTek Dimensity 9400+ protsessori asosida ishlaydi. Smartfon 18 GB operativ xotira bilan jihozlangan, ichki xotira esa 512 GB yoki 1 TB bo‘lishi mumkin.

Asosiy ekran AMOLED paneldan iborat. Uning diagonali 6,73 dyuym, aniqligi 3200 × 1440 piksel, yangilanish chastotasi esa 120 Hz. Displey Gorilla Glass Victus 2 oynasi bilan himoyalangan.

Batareya sig‘imi — 12 000 mA/soat

Qurilmaga 12 000 mA/soat sig‘imli batareya o‘rnatilgan. Smartfon 120 Vt gacha quvvatdagi simli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Simsiz quvvatlash quvvati esa 80 Vt gacha yetadi.

Bunday batareya sig‘imi fonida qurilma korpusi ham ancha yirik: uning qalinligi 18,2 mm, vazni esa 428 grammni tashkil qiladi. Smartfonning o‘lchamlari 179,5 × 85,4 mm.

IP69K va ikki metrdan tushishga chidamlilik

Xplore 6 IP69K himoya darajasiga ega. Bu qurilmaning chang, suv va yuqori bosimli suv oqimlariga nisbatan yuqori darajada himoyalanganini anglatadi.

Blackview ma’lumotiga ko‘ra, smartfon ikki metr balandlikdan tushishga ham bardosh bera oladi.

Shu sababli model oddiy smartfondan ko‘ra og‘ir sharoitlarda ishlashga mo‘ljallangan mustahkam qurilma sifatida pozitsiyalanmoqda.

Android 16 va uch yil yangilanish

Smartfon Android 16 operatsion tizimida ishlaydi. Blackview unga uch yil davomida yirik Android yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilgan.

Yevropada Xplore 6 savdosi sentabr oxirida boshlanishi kutilmoqda. Qurilmaning narxi 950 yevro atrofida bo‘ladi. Ushbu summaga telekonverter, himoya g‘ilofi, simsiz quloqchinlar va quvvatlash dok-stansiyasi ham kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri iPhone Ultra narxi ochiqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek