O’zbekistonda fyucherslar tadbirkorlarga qanday yordam bera oladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bosh muharrir o‘rinbosari
Innovatsiyadan foydalanish yo'llarini ko`rib chiqamiz

O’zbekiston respublika valyuta birjasida (O’zRVB) fyuchers shartnomalari bo’yicha savdolar ikki oydan ko’proq vaqt avval boshlangan. Biroq, ko’plab tadbirkorlarda hali ham ushbu instrument mahalliy biznesga qanday yordam berishi mumkinligi va undan qanday qilib foydalanish  haqidagi savollar mavjud. Bu haqda O’zRVB bosh makleri Sirojiddin Baymetov «Kursivga» ma’lumot berdi.

Valyuta fyucherslari nima va ular O’zbekiston uchun nega muhim?

Valyuta fyuchers shartnomasi – bu xaridor va sotuvchi o’rtasida kelajakda valyutani yetkazib berish (yetkazib berish fyucherslari) yoki moliyaviy natijani pozitsiya egasining hisobvarag’iga tushirib berish (hisob-kitob) to’g’risidagi shartnoma.

Ushbu instrumentning joriy etilishi ichki valyuta bozori ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlarni yaratib beradi — ular o’zlarini valyuta xatarlaridan himoya qila oladilar va narxlarning o’zgarishi natijasida foyda olish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Bu yaqin kelajakda O‘zbekistonda to‘laqonli derivativlar bozorini yaratishga yordam beradi.

Fyuchers va forvard shartnomasi o’rtasidagi farq nima?

Fyucherslar va forvardlar moliya bozori instrumentlaridir. Ushbu shartnomalarning ikkala turi ham amal qilish muddatiga ega. Ularning har ikkisini birlashtirib turadigan umumiy hamda ajratib turadigan farqli jihatlari mavjud. Forvard shartnomalari kelajakda haqiqiy aktiv — tovar, valyuta yoki qimmatli qog’ozlar ishtirokida bitimni amalga oshirish uchun birjadan tashqarida tuziladi. Bunday shartnomalarda tomonlar darhol kelajakdagi operatsiyaning narxini, muddatlarini va boshqa shartlarini aniqlashtirib oladi. Forvard kelgusida narxlarning o’zgarishidan muhofaza qiladi.

Fyucherslar – standartlashtirilgan forvard turi deb ham ataladi. Har bir fyuchers shartnomasi uchun birja muayyan standartlarni ishlab chiqadi. Ushbu instrumentlarda asosiy aktivning hajmi, shartnomani bajarish sanasi, aktivni yetkazib berish joyi va hatto usuli qayd etiladi. Tomonlar mustaqil ravishda faqatgina narxlarni belgilaydilar.

Bunda, birja har ikki tomon uchun bitim majburiyatlari bajarilishini kafolatlaydi. 

Shuningdek, fyuchers bitimini tuzish uchun ishtirokchi bitimning to’liq miqdorini kiritishi shart emas, faqat uning savdo hisobvarag’iga dastlabki marjaga teng miqdorni kiritishi lozim bo’ladi. Dastlabki marjaning hajmi fyuchers shartnomasi summasining 5-10% miqdorida belgilanadi.

Fyuchers shartnomalaridan kim foydalanishi mumkin? 

Fyucherslardan tashqi savdo faoliyatini amalga oshiradigan korxonalar va tashkilotlar – tovarlar yoki xizmatlarni import qilish va eksport qilish, shuningdek valyuta kursi o’zgarganda o’zlarini potensial yo’qotishlardan himoya qilishni istagan kompaniyalar foydalanishlari mumkin.

Boshqacha qilib aytganda, fyucherslar o’zlarini valyuta xavfidan himoya qilishni istagan har bir tadbirkor uchun foydalidir.

Valyuta fyuchers shartnomalari bilan bitimlar tuzishda O’zRVB bitimning har bir tomoni uchun markaziy kontragent bo’lib, har bir ishtirokchining bitim bo’yicha majburiyatlari bajarilishini kafolatlaydi.

Kelajakda ushbu instrumentlardan foydalanish doirasini qanday kengaytirish rejalashtirilgan?

Bugungi kunda O’zRVBda AQSh dollarining so’mga nisbatan kursi bo’yicha fyuchers shartnomalari savdolari tashkil etilmoqda. Yaqin kelajakda O’zRVB boshqa valyutalar – yevro, Rossiya rubli va Xitoy yuanining so’mga nisbatan kursi va boshqa ko’rsatkichlar hisobiga fyuchers instrumentlari qatorini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Shunday qilib, export-import operatsiyalarini rublda yoki Xitoy yuanida amalga oshiradigan kompaniyalar potensial valyuta xatarlaridan himoyalanishlari, shuningdek fyuchers strategiyalaridan qo’shimcha daromad olishlari mumkin bo’ladi.

O’zRVBda joriy etilgan fyuchers shartnomalari yordamida xatarlardan qanday himoya qilish mumkin?

Masalan, AQSH dollari/so’m kursi bo’yicha fyucherslar yordamida «X» kompaniyasi misolida valyuta xavfini himoya qilishni ko’rib chiqamiz.

«A» banki «X» kompaniyasining akkreditiv bo’yicha 2 million AQSh dollari miqdoridagi komponent qismlarni sotib olish bo’yicha xizmat ko’rsatuvchi bank deylik. 

*Akkreditiv – xaridor va sotuvchi o’rtasidagi shartnomani bajarish uchun to’lovning maxsus turi bo’lib, unda bajarilishini kafolatlaydigan uchinchi tomon ishtirok etadi.

Yetkazib beruvchilar kechiktirilgan to’lov imkoniyatini  taqdim etadi va uni faqat AQSh dollarida qabul qiladi. «X» kompaniyasi valyuta xatarlari tufayli yuzaga kelishi mumkin bo’lgan zararni qoplash uchun fyuchers shartnomalarini sotib olish bilan o’zini himoya qilishga qaror qiladi.

Buning uchun «A» banki O’zRVBda «X» kompaniyasi nomidan fyuchers shartnomasini sotib oladi (2 million AQSh dollari miqdorida uzun pozitsiyani ochadi), bunda, bank o’z pozitsiyasi miqdorining 5 foizini ya`ni 100 ming AQSh dollarini hisob raqamiga tushirishi kifoya. Shunday qilib, valyuta kursi oshgan taqdirda, uzun pozitsiya bo’yicha daromad «X» kompaniyasining zararini qoplaydi.

* Uzun pozitsiya – birja instrumentini uning qiymati oshishini rejalashtirgan holda sotib olish.

O’zRVBda fyucherslar yordamida qanday qilib spekulyatsiya qilish mumkin?

Spekulyatsiya bu holda narxlar farqi tufayli qisqa vaqt ichida daromad olishni anglatadi.

Masalan, fyuchers pozitsiyasini ochgandan so’ng, dilerga shartnomaning amal qilish muddati tugashini kutishning hojati yo’q. Agar pozitsiyani yopish natijasida diler foyda ko’radigan bo’lsa, diler uni muddatidan avval yopishi mumkin.

* Pozitsiyani ochish – O’zRVB savdo platformasida fyuchers shartnomasini sotib olish yoki sotishni anglatadi.

*Ekspiratsiya – birja xaridorlar va sotuvchilar o’rtasidagi fyuchers shartnomasi bo’yicha majburiyatlarni bajaradigan sana hisoblanib, bunda fyucherslarning o’zi birja savdolaridan chiqariladi.

Maqolani o’zbek tiliga Iroda Abdujalilova tarjima qildi.

Shuningdek