Omonatlarni qo‘yish uchun ishonchli bankni qanday tanlash kerak

eʼlon qilindi (yangilandi )
Bosh muharrir o‘rinbosari
«Kursiv» soha mutahassislari bilan shu to‘g‘risida suhbatlashdi

O‘zbekistonda pul jamg‘armalarini saqlash hamda ularni ko‘paytirish haqida bosh qotirayotgan fuqarolar soni ortib bormoqda. Ba’zilar pul jamg’armalarini bankga qo‘yib, foiz evaziga pul ishlab olishga qaror qiladi. Ammo ko‘pchilik mablag‘ qo‘yishda qanday qilib ishonchli  moliyaviy tashkilotni tanlash  va nimalardan ogoh bo‘lish kerakligidan bexabar bo’ladi. «Kursiv» shu borada soha mutaxassislari  bilan suhbatlashdi.

Kafolatli qaytarish

Omonatlarga qo‘yiladigan yuqori stavkalar tufayli O‘zbekiston banklari fuqarolar tomonidan jalb qilingan mablag‘lar hajmini oshirmoqda. So‘m depozitlari bo‘yicha 12,3% inflyatsiya bilan stavka 20% dan oshishi mumkin (2022 yil yakuni bo’yicha). Umuman o‘tgan 2022 yilning davomida milliy valyutadagi muddatli depozitlari hajmi bank tizimida 1,6 barobar oshdi. Biroq, 2022 yil barcha moliya institutlari uchun ham muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Markaziy bank Hi-Tech va Turkiston banklari litsenziyalarini bekor qildi.

«Fuqarolar omonatlari uchun moliya institutini tanlashda bir nechta prinsiplarni hisobga olishlari lozim. Avvalambor,  jismoniy shaxslarning barcha omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan sug‘urta qilinadi. Qonunga ko‘ra, bank litsenziyasi bekor qilingan taqdirda ham pul  foizlar bilan qaytarilishi lozim»,- deydi Universalbank kengashi raisi Anvar Irchaev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar omonat shartnomasi tegishli ravishda nomlangan bo‘lsa, ushbu mexanizm ishlashi kerak. Bu subordinatsiyalangan kredit shartnomasi bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham fuqarolar bank bilan imzolagan hujjatlarini diqqat bilan o‘qib chiqishlari lozim.

Tenge Bank raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Tavakkalov ham shunga o‘xshash fikr bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, banklarda mablag‘larni qaytarish uchun omonatlarning bir qismini majburiy zaxiralash mexanizmi mavjud.

Shunga qaramay, mijoz o’z  mablag‘larini bankka qo‘yar ekan, uning ishonchliligiga shubhasiz amin bo‘lishi lozim», – deydi Anvar Irchaev. «Buni moliyaviy ko’rsatkichlar, muassasa tarixi va uni kim boshqarishini o‘rganish orqali amalga oshirish mumkin. O‘zbekistondagi banklar esa o‘z hisobotlarini e‘lon qiladigan tashkilotlar sirasiga kiradi», – deydi ekspert.

Banklarning moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Markaziy bankning veb-sayti «Statistika» bo’limida, korporativ ma’lumotlarning yagona portalida (openinfo.uz), shuningdek ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda topish mumkin.

«Fuqarolar yana shuni unutmasliklari kerakki, banklar omonatga tushgan mablag‘larni faol operatsiyalarni amalga oshirishda,  xususan, kreditlar berish uchun ham sarf qiladi. Agar bankda kreditlarning katta qismi muammoli (NPL) bo‘lsa, demak ko‘plab mijozlar olgan kreditlarini o‘z vaqtida qaytarib bermasligidan dalolat beradi. Bu esa yomon korporativ boshqaruvini anglatib, moliyaviy qiyinchiliklarga sabab bo‘lishi  mumkin. Banklarning muammoli kreditlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Markaziy bank veb — saytida va ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda e’lon qilinadi», – deya xulosa qildi Anvar Irchaev.

Stavkalar turlicha bo‘ladi

«Bankni tanlashda ikkita narsaga diqqat qaratish lozim. Birinchidan, siz depozitning moslashuvchanligiga e’tibor berishingiz kerak (foizlarni yo‘qotmasdan istalgan vaqtda depozitni to‘ldirish va olib qo‘yish imkoniyati). Ikkinchidan, stavkalarga qarash  kerak. Ular  bozorda o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz balandroq bo‘lishi kerak, ammo eng yuqorisi emas»,- deydi Ulug‘bek Tavakkalov.

2022-yil dekabr oyida O‘zbekistonda omonatlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavka so‘mda 20,2 foizni tashkil etdi. O‘zbekiston Respublikasining ayrim banklari 27% gacha daromad keltirmoqda. Omonatlarning shartlari hamda muddatlari turlicha bo‘lishi mumkin va ular banklarning veb-saytlarida e’lon qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida Markaziy bankning axborot portal (bankxizmatlari.uz) ham faoliyat olib bormoqda. Bu yerda  turli banklardagi omonatlarni taqqoslash, shuningdek kreditlar, bank kartalari va boshqa xizmatlar to‘g‘risida ma’lumot olish mumkin.

Maqolani o‘zbek tiliga Iroda Abdujalilova tarjima qildi.

Shuningdek