O‘zbekiston byudjet taqchilligini qanday qoplamoqchi?

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Agar yaxshi bozor sharoitlari mavjud bo'lsa, yevroobligatsiyalarni chiqarish mumkin
Foto: nito 103 / www.depositphotos.com

O‘zbekiston 2024-yilda davlat byudjeti taqchilligini bir necha manbalar hisobidan qoplaydi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Kelgusi yilda O‘zbekiston Respublikasi daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq yalpi ichki mahsulotning 4 foizini tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Ahadbek Haydarovga ko‘ra, defitsitni moliyalashtirishning asosiy manbalari tashqi va ichki bozorda mablag‘ jalb etish, davlat aktivlarini xususiylashtirish, shuningdek, xalqaro moliya institutlarining kreditlaridir.

Joriy yilda O‘zbekiston ichki bozorda davlat qimmatli qog‘ozlari orqali jalb qilingan mablag‘lar hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu miqdor 25 trillion so‘mgacha bo‘ladi, 2023-yilda esa limit 17 trillion qilib belgilangan. Iqtisodiyot va moliya vazirligining tushuntirishida aytilishicha, bu davlat qarz portfelini diversifikatsiya qilish va valyuta risklarini kamaytirish uchun zarur.

Ahadbek Haydarov 2024-yilda byudjet taqchilligini moliyalashtirish uchun tashqi moliya bozoridan qariyb 2,5 milliard dollar qarz olish rejalashtirilayotganini taʼkidladi. Pulning bir qismini yevroobligatsiyalar chiqarish orqali olish mumkin. Ammo aniq raqamlar haqida gapirish hali ham qiyin.

Moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov yevroobligatsiyalar chiqarilishi haqida qo‘shimcha qildi: «Buni biz bu hajmlarni albatta chiqaramiz, deb tushunmaslik kerak, chunki bu bozorga oid ma’lumotlar. Biz mumkin bo’lgan rejamizni beramiz. Yaxshi sharoitlar mavjud bo’lsa, biz bozorga kira olamiz. Ammo bu biz ushbu obligatsiyalarning istalgan hajmini istalgan vaqtda chiqarishimiz shart degani emas».

Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekiston London fond birjasiga birinchi marta qiymati 4,25 trillion so‘mlik yashil suveren obligatsiyalarni joylashtirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek