Oʻzbekistonda qashshoqlik darajasi qisqardi — ITIM

eʼlon qilindi
17 foizdan 11 foizga qisqardi
Foto: cristovao / www.depositphotos.com

2021-yildan buyon Oʻzbekistonning ikki millionga yaqin aholisi moliyaviy ahvolini yaxshilab, qashshoqlik darajasini tark etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) xabar berdi (press-reliz «Kursiv» tahririyatida mavjud).

Respublikada qashshoqlik darajasi oxirgi uch yil ichida 17 foizdan 11 foizga kamaygani ma’lum qilindi.

ITIM koʻrsatkichning yaxshilanishiga Oʻzbekistonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator dasturlarning amalga oshirilishi sabab boʻlgani ta‘kidlandi. Unga koʻra, soʻnggi besh yilda mamlakatimizda ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan xarajatlar 3,7 barobar oshdi. Davlatdan yordam oladigan oilalar soni 2017-yildagi 500 mingdan 2023-yilda 2,3 millionga yetdi.

«Mahallabay» dasturi doirasida soʻnggi ikki yilda 1 million nafar Oʻzbekiston fuqarosi oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun mikrokredit oldi. Yana 152 ming kishiga subsidiyalar berildi.

«Ayollar daftari» va «Temir daftar» tashabbuslari 1,5 million ayol va 610 ming aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillariga yordam koʻrsatishdi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston dunyoning eng qashshoq davlatlari reytingida 190 ta davlat orasida 67-oʻrinni egallagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek