Google korporatsiyasi Android 15 yangilanishi smartfonlarga tarqatilganidan atigi bir oy o‘tib, Android 16 operatsion tizimining birinchi sinov versiyasini chiqardi. Bu haqda Telecompaper axborot nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, kompaniya mobil operatsion tizimni yangilash jarayonini tezlashtirayotganini ma’lum qildi. Bu yangi funksiyalarni tezroq joriy qilish va qurilma ishlab chiqaruvchilarning yangi taqvimlariga moslashish uchun amalga oshirilmoqda.
Android 16’ning yakuniy versiyasi 2025-yilning ikkinchi choragida chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu avvalgi versiyalarga qaraganda bir chorak oldinroq taqdim etilishi kutilmoqda.
Sinov versiyasi hozircha faqat ishlab chiquvchilar uchun mavjud. Yangi funksiyalar qatorida ilovalarga faqat tanlangan suratlarga kirish imkonini berish, telefon galereyasining to‘liq ko‘rinishini cheklash, reklama beruvchilar uchun yangilangan Privacy Sandbox funksiyalari va Android qurilmalarida himoyalangan tibbiy ma’lumotlarga yangi kirish usullari mavjud.
Android 16’ning yakuniy versiyasi chiqarilgandan so‘ng, 2025-yilning to‘rtinchi choragida API yangilanishi rejalashtirilgan. Bu ishlab chiquvchilar uchun qo‘shimcha sozlamalar va xatoliklarni tuzatishni o‘z ichiga oladi.
Google kelajakda Android’ning yangi versiyalarini har chorakda chiqarmoqchi. Kompaniyaning so‘zlariga ko‘ra, birinchi va uchinchi choraklardagi yangilanishlar API relizlari orasidagi qo‘shimcha funksiyalarni taqdim etib, tizim sifatini doimiy ravishda oshirib boradi. Shuningdek, 2025-yil ikkinchi chorakdagi reliz imkon qadar ko‘proq qurilmalarga yetib borishi uchun telefon va planshet ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google kompaniyasining bo‘linib ketish arafasidaligi haqida yozgan edik.