19-dekabr kuni Huawei va Chery yangi Luxeed R7 EREV avtomobilini Xitoyda rasman taqdim qiladi. Bu haqda Carnewschina nashri xabar berdi.
Avtomobil zamonaviy dizayn va ilgʻor texnologiyalarni, jumladan, Huawei kompaniyasining uchinchi avlod haydovchiga yordam tizimini oʻzida mujassamlashtirgan. Krossoverning oʻlchamlari BMW X6 bilan taqqoslanmoqda va boshlangʻich narxi taxminan $34 mingni tashkil qiladi.
Model 1,5 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan boʻlib, u gʻildiraklarga burovchi momentni uzatmaydi, balki akkumulyator va elektr dvigatelni zaryadlab, generator sifatida ishlaydi. 36 kVt akkumulyator bilan birgalikda, Luxeed R7 EREV 201 km.gacha elektrda harakatlana oladi. Aralash rejimda umumiy yurish zaxirasi 1570 km.ga yetadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chery Tiggo 5x High Energy Edition avtomobilining chiqish sanasini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.