Xitoyning yetakchi elektromobil ishlab chiqaruvchisi BYD Efiopiya bozoriga kirib, Sharqiy Afrikadagi faoliyatini kengaytirdi. Ushbu yangilik kompaniyaning rasmiy sahifalarida e’lon qilindi.
Kompaniya Addis-Abeba shahrida Moenco bilan hamkorlikda beshta elektromobil modelini namoyish etdi. Model qatoriga ixcham BYD Seagull’dan tortib, keng BYD Tang avtomobiligacha bo‘lgan turli transport vositalari kiradi.
BYD hozirgi kunda Afrikaning 13 ta mamlakatida faoliyat olib bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD kompaniyasining 2024-yil noyabr oyida jami 506,8 mingta yangi elektromobil sotgani haqida xabar bergan edi. Shuningdek, kompaniya Qin seriyasining Qin Plus, Qin L va Qin EV kabi budjetli modellari orqali bir oyda 87 mingdan ziyod avtomobillar sotganini ma’lum qilgan. Yil boshidan beri esa ushbu seriyadan 648,6 mingdan ortiq avtomobillar sotilgan.