O‘tgan yilda dunyodagi ikkinchi eng baland bino to‘liq ochildi, Notr-Dam sobori qayta tiklandi va futuristik shahar loyihalari e’lon qilindi. 2025-yilda nafaqat ulkan inshootlar, balki kichik ekologik loyihalar ham dunyo diqqat markazida bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi CNN axborot agentligi.
Quyida 2025-yilda ochilishi kutilayotgan 11 ta diqqatga sazovor loyihalarni keltirib o‘tamiz.
1. New Sydney baliq bozori, Sidney (Avstraliya)
Sidneyning tarixiy baliq bozori ko‘chirilishi e’lon qilinganidan sakkiz yildan so‘ng, yangi to‘rt qavatli bino 3,6 gektar hududda ochiladi. 3XN Architects va BVN firmasi loyihalashtirgan ushbu zamonaviy inshoot logistika uchun yer osti maydonini, yuqori qavatlarda esa sayyohlar uchun bozor va auksion zallarini o‘z ichiga oladi. Loyiha portning sanoat hududini jonlantirib, do‘konlar, restoranlar, shahar bog‘i va quyosh panelli tom bilan ajralib turadi.
2. «Grand Ring» binosi, Osaka (Yaponiya)
Osakada joylashgan «Grand Ring» deb nomlangan ulkan yog‘och bino mehmonlarning keng hudud bo‘ylab sayr qilishi uchun yaratilgan. Ushbu 1,2 mil uzunlikdagi halqa Osaka shahrining markaziy tuzilmasiga aylantiriladi. Sou Fujimoto tomonidan yaratilgan bu tuzilma mahalliy sadr va sarv yog‘ochlari, shuningdek, Shotlandiya qarag‘ayi bilan qurilgan. Arxitektura zamonaviy qurilish usullarini va yapon ibodatxonalaridagi an’anaviy yog‘och tutqichlarni birlashtiradi. 646 ming kvadrat fut maydonni egallagan «Grand Ring», dunyodagi eng katta yog‘och binolardan biri sifatida e’tirof etilishi kutilmoqda.
3. Life and Mind binosi, Oxford (Buyuk Britaniya)
Oksford universiteti yangi 270 ming kvadrat futlik hayot fanlari binosini ochdi, bu universitet tarixidagi eng katta qurilish loyihasidir. «Life and Mind» binosi eksperimental psixologiya, o‘simlikshunoslik va zoologiya bo‘limlarini birlashtirib, ularni ko‘proq hamkorlikka rag‘batlantiradi. Bino zamonaviy dizayn bilan birga, universitetning arxitektura merosini saqlagan holda toshli fasadlar va ustunlar bilan bezatilgan.
4. Danjiang ko‘prigi, Taypey (Xitoy)
Danjiang ko‘prigi Zaha Hadidning shaxsan o‘zi qilgan so‘nggi loyihalaridan biri bo‘lib, Taypeyda Tamsui daryosi ustidan o‘tuvchi 3,018 fut uzunlikdagi tuzilmadir. Ko‘prik faqat bitta betonga tayanadi. Bu esa uning atrofdagi manzaraga minimal vizual ta’sir ko‘rsatishini ta’minlaydi. Ochilgach, u dunyodagi eng uzun yagona asimmetrik kabel ko‘prigiga aylanadi va Hadidning o‘ziga xos egri chiziqli dizayn uslubini aks ettiradi.
5. Techo xalqaro aeroporti, Pnompen (Kamboja)
Kamboja Pnompen shahridagi xalqaro aeroportni yangi Techo xalqaro aeroporti bilan almashtirmoqda. Bu aeroport turizmni rivojlantirish va mintaqaviy aviasiya markaziga aylanish maqsadida, boshlang‘ich yillik yo‘lovchi sig‘imi 13 mlndan 30 mlndan oshiriladi. Terminal binosi an’anaviy Kamboja dizayniga asoslangan bo‘lib, yog‘och «daraxtlar» yordamida qo‘llab-quvvatlanadi.
6. Janubiy stansiya, Boston (AQSh)
Bostonning janubiy stansiyasining kengaytirish ishlari ham shu yil yakunlanadi. Loyihada terminalning avtobus va temir yo‘l quvvatlari mos ravishda 50% va 70% ga oshiriladi. Pelli Clarke & Partners kompaniyasi tomonidan qayta qurilgan stansiya binosi 1899-yildan beri mavjud bo‘lgan asl binoga hurmat bajo keltirgan holda, yonida 51 qavatli yangi osmono‘par bino qurilgan.
7. Gyote instituti, Dakar (Senegal)
Pritsker mukofotining birinchi afrikalik g‘olibi Fransis Kéré, o‘zining global nufuzini uy kontinentidagi qurilish muhitini yaxshilash uchun ishlatmoqda. U an’anaviy qurilish materiallari va uslublarini targ‘ib qiluvchi «vernakulyar» dizaynni qo‘llab-quvvatlaydi. Senegaldagi Gyote institutining yangi filiali binosi mahalliy g‘ishtlardan qurilib, tabiiy havoni aylantirish uchun to‘r shaklida joylashtirilgan.
8. Urban Glen, Xanchjou (Xitoy)
Pekindagi CCTV Boshqaruv Markazi dizaynerlaridan Ole Scheeren Xitoyda o‘z izini qoldirishda davom etmoqda. Uning kompaniyasi Büro Ole Scheeren hozirda Xitoyning bir qancha shaharlarida loyihalar ustida ishlamoqda. Xanchjou shahrida joylashgan Urban Glen ikki qavatli, 900 ming kvadrat fut ofis, mehmonxona va dam olish joylaridan iborat bo‘lib, u tepaliklarga o‘xshab, roof teraslari, do‘konlar va san’at bilan bezatilgan sun’iy vodiyga joylashgan.
9. Riyod metrosi, Ar-Riyod (Saudiya Arabistoni)
Saudiya Arabistoni 2020-yillarda bir qancha katta arxitektura loyihalarini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Riyadni metro tizimi bilan ta’minlash rejalari o‘n yil avval boshlangan. Olti chiziqdan iborat tarmoq shaharning ish faoliyatini o‘zgartirib, kunlik 3,6 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Yer ustida joylashgan metro stantsiyalari Zaha Hadid Architects va Gerber Architekten kabi nufuzli kompaniyalar tomonidan dizaynlashtirilgan.
10. Skypark biznes markazi, Lyuksemburg (Lyuksemburg)
Lyuksemburgda Yevropaning eng katta gibrid yog‘och binolaridan biri – Skypark biznes markazi qurilmoqda. 844 ming kvadrat fut maydonda joylashgan bino 542 ming kub fut yog‘ochdan qurilgan. Tashqi fasadi esa 80% qayta ishlangan metalldan tayyorlangan. Bino ikki o‘zaro to‘qnashadigan ziq-zag shakllarda qurilgan bo‘lib, uning turli kesishgan joylari hovlilar va tom teraslarini yaratadi. Bino asosan ofis maydonlari, do‘konlar va mehmonxonani o‘z ichiga oladi.