
Homiladorlikning dastlabki uch oyi ayol organizmi uchun katta o‘zgarishlar davri hisoblanadi. Ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi, uyquchanlik, kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi, tish yoki beldagi noqulayliklar aynan shu davrda ko‘proq kuzatilishi mumkin. Kursiv Uzbekistan bilan suhbatda bo‘lgan akusher-ginekolog Nilufar Abdinazarova birinchi trimestrda organizmda nimalar sodir bo‘lishi va bu davrni yengilroq o‘tkazish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligini tushuntirdi.
Maqola orqali quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:
Birinchi trimestrda organizmda nimalar o‘zgaradi
Nega dastlabki uch oy murakkab davr hisoblanadi
Ko‘ngil aynishi va toksikozni qanday yengillashtirish mumkin
Tish og‘rig‘ida nima qilish kerak
Qorin va beldagi og‘riq qachon xavotirli
Ovqatlanish va suv ichish bo‘yicha tavsiyalar
Homilador ayollar eng ko‘p qiladigan xatolar
Birinchi trimestr uchun besh asosiy tavsiya
Birinchi trimestrda organizmda nimalar o‘zgaradi
Homiladorlikning birinchi trimestridagi o‘zgarishlar har bir ayolda turlicha kechadi. Kimdadir belgilar kuchli sezilsa, boshqalarda homiladorlikning dastlabki haftalari deyarli bezovtaliksiz o‘tishi mumkin.
Nilufar Abdinazarovaning tushuntirishicha, bu davrdagi ko‘plab o‘zgarishlar gormonal fonning keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Progesteron miqdorining ortishi oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin. Natijada og‘izda noxush yoki metall ta’m paydo bo‘lishi, jig‘ildon qaynashi, ko‘ngil aynishi, qusish, ishtahaning pasayishi yoki aksincha kuchayishi, ich qotishi kabi holatlar kuzatiladi.
«Birinchi trimestrdagi o‘zgarishlar har bir ayol uchun individual. Ko‘pchilikda gormonlar o‘zgarishi oshqozon-ichak tizimi, asab tizimi va umumiy holatga ta’sir qiladi», — deydi akusher-ginekolog.
Ruhiy holatda ham o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Ayolning kayfiyati tez almashishi, ta’sirchanligi ortishi, tez xafa bo‘lishi yoki yig‘lab yuborishi kuzatiladi. Progesteronning ortishi esa uyquchanlik, holsizlik va tez charchash bilan namoyon bo‘lishi mumkin.
Nega birinchi trimestr eng murakkab davrlardan biri
Shifokor birinchi trimestrni organizmning yangi holatga moslashish davri sifatida ta’riflaydi. Bu vaqt davomida embrionning asosiy a’zolari va tizimlari shakllana boshlaydi. Yo‘ldosh ham hali to‘liq shakllanib ulgurmagan bo‘ladi.
Shuning uchun shifokor homiladorlikning dastlabki haftalarida dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilmaslik, infeksiyalardan saqlanish, ortiqcha jismoniy zo‘riqish va kuchli stressdan imkon qadar qochishni tavsiya qiladi.
«Birinchi trimestrda homilaning boshlang‘ich a’zolari shakllanadi. Shu sababli bu davrda ayol o‘ziga nisbatan ehtiyotkorroq bo‘lishi kerak», — deydi mutaxassis.
Bu davrda gematoma, homiladorlikning uzilish xavfi yoki og‘riqlar kabi muammolar ham uchrashi mumkin. Shu sababli noodatiy yoki kuchayib boruvchi belgilarni e’tiborsiz qoldirmaslik muhim.
Ertalabki ko‘ngil aynishini qanday yengillashtirish mumkin

Nilufar Abdinazarova ko‘ngil aynishi kuchli bo‘ladigan ayollarga ertalab yotoqdan turishdan oldin oz miqdorda yengil oziq-ovqat iste’mol qilishni tavsiya qiladi. Masalan, kechqurun yotoq yoniga mayiz, turshak, qurt, bodom yoki yong‘oq kabi o‘ziga yoqadigan mahsulotlardan oz miqdorda qo‘yib qo‘yish mumkin.
Ertalab uyg‘ongach, birdan turib ketmasdan, avval ozgina yeb, keyin asta-sekin o‘rnidan turish ayrim ayollarda ko‘ngil aynishini kamaytirishi mumkin. Kun davomida tez-tez, ammo oz-ozdan ovqatlanish ham muhim.
Toza havoda piyoda yurish, agar homiladorlikni olib borayotgan shifokor tomonidan jismoniy faollikka qarshi ko‘rsatma bo‘lmasa, umumiy holatni yaxshilashga yordam berishi mumkin. Agar ayol suyuqlik ham icha olmaydigan darajada ko‘p qusayotgan bo‘lsa, bu oddiy holat sifatida qabul qilinmasligi kerak.
«Agar ayol suv ham icha olmayotgan, ovqatni ushlab tura olmayotgan bo‘lsa, albatta shifokorga murojaat qilishi kerak», — deydi Abdinazarova.
Bunday vaziyatlarda dori yoki tomir orqali suyuqlik yuborish zarurligini faqat shifokor belgilashi kerak.
Tish og‘risa nima qilish kerak

Homiladorlik davrida tish bilan bog‘liq muammolar ham yuzaga kelishi mumkin. Abdinazarova homilador ayollarga og‘riq qoldiruvchi yoki boshqa dorilarni mustaqil tanlab ichmaslikni tavsiya qiladi.
Yengil holatlarda og‘izni iliq tuzli suv bilan chayish vaqtinchalik yengillik berishi mumkin. Ammo tishda shish, qizarish, kuchli og‘riq yoki tana haroratining ko‘tarilishi kuzatilsa, stomatolog ko‘rigini kechiktirmaslik kerak.
«Homiladorlikda har qanday dori vositasini, ayniqsa og‘riq qoldiruvchi preparatlarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas», — deydi shifokor.
Vitaminlar, kalsiy, magniy yoki boshqa qo‘shimchalarni ham individual holat va tahlillarni hisobga olgan holda shifokor bilan kelishib qabul qilish maqsadga muvofiq.
Qorin pastidagi og‘riq normal holatmi
Homiladorlikning dastlabki haftalarida qorin pastida biroz og‘irlik yoki noqulaylik paydo bo‘lishi mumkin. Biroq shifokor homiladorlik doimiy yoki kuchli og‘riq bilan kechishi kerak emasligini ta’kidlaydi.
Qorin og‘rig‘iga ich qotishi, qorin dam bo‘lishi kabi nisbatan oddiy omillar ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ayrim hollarda og‘riq jiddiyroq muammolarga bog‘liq bo‘lishi ehtimoli ham bor.
«Qorin pastida biroz noqulaylik bo‘lishi mumkin. Ammo og‘riq paydo bo‘lsa, uning sababini aniqlash kerak», — deydi Abdinazarova.
Ayniqsa og‘riq kuchaysa, davomli bo‘lsa yoki qonli ajralma bilan birga kelsa, shifokor ko‘rigini kechiktirmaslik kerak.
Yengil bel og‘rig‘i homiladorlik davrida uchrashi mumkin. Ammo kuchli yoki uzoq davom etadigan og‘riqning sababini aniqlash kerak. Abdinazarova dam olish, uzoq vaqt bir joyda o‘tirmaslik yoki tik turmaslik, og‘ir yuk ko‘tarmaslik va uxlash vaqtida yonboshlab yotishni tavsiya qiladi.
Uzoq va notekis yo‘llarda yurish ham ayrim ayollarga noqulaylik keltirishi mumkin. Homiladorlikning keyingi davrlarida esa, zarurat bo‘lsa, shifokor tavsiyasi bilan maxsus bandajdan foydalanish mumkin.
Ovqatlanishda qat’iy parhez shart emas

Birinchi trimestrda ko‘ngil aynishi va ta’mga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgarishi mumkin. Shu sababli shifokor ayol o‘ziga yoqadigan, organizmi qabul qiladigan mahsulotlarni me’yorida iste’mol qilishi mumkinligini aytadi.
Eng muhim tamoyillardan biri bir mahalda ko‘p ovqat yemay, kun davomida oz-ozdan va tez-tez ovqatlanish. Imkon qadar tabiiy mahsulotlarga ustunlik berish, gazli ichimliklarni kamaytirish yoki iste’mol qilmaslik tavsiya qilinadi.
Yetarli suyuqlik ichish homiladorlik davrida muhim. Ayniqsa qusish va ko‘ngil aynishi bo‘lsa, suvsizlanib qolmaslik kerak. Biroq Abdinazarova suv iste’molida ham me’yor zarurligini ta’kidlaydi.
Kerakli suyuqlik miqdori ayolning vazni, sog‘lig‘i, ob-havo, jismoniy faolligi va boshqa omillarga qarab farq qilishi mumkin. Shu sababli aniq miqdorni homiladorlikni kuzatayotgan shifokor bilan kelishish ma’qul.
Birinchi homiladorlikdagi eng katta xatolar
Shifokorning kuzatuvicha, ayniqsa birinchi marta homilador bo‘lgan ayollar har bir belgidan xavotirlanib, doimo homila haqida o‘ylab qolishi mumkin.
«Nega bunday bo‘ldi?», «Bu zarar qilmaydimi?», «Nega biror narsani sezmayapman?» kabi savollar muntazam tashvishga aylanishi mumkin.
Abdinazarova zarur tekshiruvlarni o‘z vaqtida o‘tkazish kerakligini, ammo doimiy qo‘rquv bilan yashash foyda bermasligini ta’kidlaydi. Shuningdek, shifokor homiladorlik davrida tekshiruvlardan qo‘rqib, zarur ultratovush tekshiruvlarini kechiktirishni ham to‘g‘ri deb hisoblamaydi.
Homiladorlik davrida antibiotik, og‘riq qoldiruvchi, ko‘ngil aynishga qarshi dori yoki biologik qo‘shimchalarni o‘zicha tanlab qabul qilish xavf tug‘dirishi mumkin. Shifokor zarur vitamin va mikroelementlarni ham homiladorlikni kuzatayotgan mutaxassis tavsiyasi asosida qabul qilish kerakligini ta’kidlaydi.
«Bilib-bilmay turli dori vositalarini qabul qilish homilador ayollar yo‘l qo‘yadigan eng katta xatolardan biri», — deydi Abdinazarova.
Birinchi trimestr uchun besh asosiy tavsiya
Akusher-ginekolog Nilufar Abdinazarova dastlabki uch oyda, avvalo, yetarli suyuqlik ichish, oz-ozdan va tez-tez ovqatlanish, yetarlicha dam olish va uxlash, gadjetlar bilan vaqtni kamaytirish hamda ruhiy xotirjamlik beradigan mashg‘ulotlarga vaqt ajratishni tavsiya qiladi.
Eng muhimi, homiladorlikni kasallik sifatida qabul qilmaslik, lekin organizmdagi o‘zgarishlarni ham e’tiborsiz qoldirmaslik kerak.
Kuchli yoki davomli qorin og‘rig‘i, qonli ajralma, ko‘p qusish va suyuqlik icha olmaslik, isitma, siyishda kuchli achishish yoki umumiy holatning keskin yomonlashishi kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish zarur.
Eslatma: material akusher-ginekolog Nilufar Abdinazarovaning taqdim etilgan javoblari asosida tayyorlandi. Homiladorlik davrida dori vositalari, vitaminlar va qo‘shimchalarni qabul qilish bo‘yicha qaror individual ravishda shifokor bilan kelishilishi kerak.