Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar – noyabr oylarida O‘zbekistonga umumiy qiymati $1,18 mlrd.ga teng bo‘lgan 68,6 ming dona yengil avtomobil import qilingan.
Xitoy yetakchilik qilmoqda – bu mamlakatdan 55,7 ming dona avtomobil olib kelingan. Koreya ikkinchi o‘rinda bo‘lib, undan 11,2 ming dona avtomobil import qilingan.
Shuningdek, AQSh (633 dona), Hindiston (577 dona) va Yaponiya (152 dona) kabi mamlakatlardan ham avtomobillar olib kelingan. Boshqa davlatlardan esa jami 353 dona avtomobil import qilingan.
Avtomobillar importida elektromobillarni o‘z ichiga oluvchi ko‘rsatkichlar ham inobatga olingan. 2024-yilning yanvar – noyabr oylarida O‘zbekistonga 22,2 mingta elektromobil olib kelingan. Bu umumiy importning deyarli uchdan bir qismini tashkil etadi. Ushbu transport vositalarining umumiy qiymati $215,3 millionga baholangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya va Ozarbayjon O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan televizorlarning asosiy xaridoriga aylangani haqida xabar bergan edi.