Samsung’ning yangilangan Galaxy S25 seriyasi rasmiy taqdimotiga ikki hafta qolganda, yangi flagmanlarning renderlari internetga tarqaldi. Galaxy S25 smartfonlarining uchta versiyasi tasvirlangan va shaffof g‘ilofdagi suratlar WinFuture saytida paydo bo‘ldi.
Yangi modellarda S-seriyasining oldingi modellari minimalistik dizaynini saqlab qolgan. Shu bilan birga, internet foydalanuvchilari va jurnalistlar Galaxy S25’ning tashqi ko‘rinishida bir qator o‘ziga xos xususiyatlarni aniqlashdi.
Renderlarda yangi smartfonlarning orqa kamerasi qora doiralar tufayli yanada katta ko‘rinadi. Bundan tashqari, yangi modellar yanada nozik displey ramkasiga ega bo‘ladi.
Galaxy S25 Ultra displeyi avvalgi modelga qaraganda biroz kattaroq bo‘ladi – 6,8 dyuym o‘rniga 6,86 dyuym.
Shu bilan birga, modelning umumiy eni 79 mm.dan 77,6 mm.gacha kamayadi. Ultra versiyasi 1440p o‘lcham va 120 Gts yangilanish chastotasiga ega LTPO ekranga ega bo‘ladi. Galaxy S25 Ultra’ning orqa qopqog‘i titandan tayyorlanadi, Galaxy S25 va S25 Plus modellari esa alyuminiy korpusda qoladi.
Yangi smartfonlarni Qi2 standartidagi simsiz quvvatlash orqali zaryadlash mumkin bo‘ladi. Buning uchun magnitli halqaga ega maxsus g‘ilof kerak bo‘ladi.
Galaxy S25 rasmiy taqdimoti 22-yanvar kuni Kaliforniyaning San-Xose shahrida bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OnePlus Open 2 smartfonining dizayni va texnik xususiyatlari haqida xabar bergan edi.