Tesla kompaniyasining yangi Model Y 2025 avtomobili bozorda katta qiziqish uyg‘otdi. Birinchi kunning o‘zida 50 mingdan ortiq kishi ushbu avtomobilga buyurtma berdi. Bu haqida Carnewschina nashri ma’lum qildi.
Tesla China sotuvchilari ma’lumotiga ko‘ra, mashina navbatga yozilgan xaridorlarga aprel yoki may oyida yetkazib beriladi. Bu yangi model kompaniyaning bestselleri o‘rnini egallab, bozorni portlatishga muvaffaq bo‘ldi.
Model Y 2025 ning ikkita modeli Xitoyda sotuvga chiqarilgan: orqa g‘ildirakli modeli $35,9 mingdan, to‘liq g‘ildirakli uzoq masofali versiyasi esa $41,4 mingdan boshlanadi. Tesla rasmiylari mart oyidan boshlab yetkazib berishni boshlashni rejalashtirgan.
Xitoydagi sotuvchilar yangilangan modelga qiziqish sezilarli oshganini ta’kidlamoqda. Chegirmalarga qaramay, ko‘plab xaridorlar eski Model Y dan voz kechib, yangi modelga buyurtma bermoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla Model Y Juniper Xitoyda sotuvga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.