Shenchjen shahrida ishlab chiqarilgan BYD Yangwang U9 superkari Disus-X osma tizimiga ega bo‘lib, raqsga tushish, yo‘l to‘siqlaridan sakrash va uchta g‘ildirakda harakatlanish kabi funksiyalarni taqdim etadi. Ushbu funksiyalar ommaviy tarmoqlarda keng tarqalgan va ba’zi haydovchilar ularni shahar ko‘chalarida sinab ko‘rmoqda. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoda Yangwang U9 ko‘chada raqsga tushayotgani, katta olomonni to‘plagani va transport harakatini to‘xtatib qo‘ygani ko‘rsatildi. Videoda avtomobil harakatlanayotganida politsiya sirenasi eshitiladi, ammo haydovchi bunga e’tibor bermay, faoliyatini davom ettiradi. Shundan so‘ng politsiya aralashib, haydovchini to‘xtatdi va unga jarima belgilandi.
Yangwang U9 superkari Disus-X osma tizimi tufayli nafaqat raqsga tushish, balki chuqurchalardan sakrash qobiliyatiga ham ega. BYD ushbu texnologiya faqat favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun mo‘ljallanganini ta’kidlasa-da, haydovchilar uni boshqa sharoitlarda sinovdan o‘tkazmoqda.
Avtomobil 2,36 soniyada 0 dan 100 km/soat tezlikka erishadi va CLTC standartlariga ko‘ra 465 km masofa bosishga qodir. 960 kVt quvvatga ega to‘rtta elektr motori va LFP akkumulyatori bilan jihozlangan superkar narxi $236 mingni tashkil etadi.
Noyabr oyida Yangwang U9 mashhur Nyurburgring trassasida 7:17,9 vaqt ko‘rsatkichiga erishdi. Bu BYD brendining yuqori segmentga kirishdagi muvaffaqiyatini namoyish etadi.
2024-yilda Yangwang brendi o‘zining U7 premium sedanini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Ushbu yangi modelda Blade 2.0 akkumulyatori va ehtimoliy plaginli gibrid versiyasi mavjud bo‘ladi. Narxi $136 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Yangwang U9 o‘zi harakatlanadigan va sakray oluvchi superkar haqida xabar bergan edi.