Toyota kompaniyasi o‘zining eng ilg‘or texnologiyalariga ega to‘rtinchi avlod Previa/Estima minivenini yaratish ustida ish boshladi. Bu avtomobil o‘zining zamonaviy texnologik yechimlari va innovatsion dizayni bilan hozirgi «Toyota Alphard» va «Lexus LM»dan ancha rivojlangan bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda BestCarWeb nashri ma’lum qildi.
Yangi Previa 2027-yilda bozorga chiqariladi. U butunlay yangi platformada ishlab chiqariladi. Dastlab, miniven «e-TNGA platformasi» asosida quriladi, deb taxmin qilingan edi. Bu platforma «Toyota bZ4X», «Lexus UX300e» va «Lexus RZ» modellari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Biroq Toyota elektromobillari jahon bozorida kutilgan muvaffaqiyatga erisha olmagani sababli ushbu platformadan voz kechildi.
Endilikda yangi avlod Previa uchun sof elektr va qayta zaryadlanuvchi gibrid variantlar taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Yangi Previa/Estima nafaqat ilg‘or texnologiyalar, balki avvalgi modellarga bo‘lgan hurmatni ifoda etuvchi dizayn bilan ajralib turadi. Mish-mishlarga ko‘ra, avtomobil dizayni birinchi avlod Estima’ga ehtirom ko‘rsatadi.
Texnologik yangiliklardan biri bu simli boshqaruv tizimi (Steer-by-Wire). Bu tizim rul g‘ildiragining g‘ildiraklar bilan mexanik aloqasini yo‘q qiladi va elektr signallar orqali boshqaruvni amalga oshiradi. Shuningdek, minivenning yangi elektr dvigatellari yuqori samaradorlikni ta’minlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi Toyota Corolla ishlab chiqarilishi haqida xabar bergan edi.