Xitoyning Volkswagen tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Xpeng kompaniyasi 2025-yilda Fransiyada 3,5 ming elektromobil sotishni maqsad qilgan. Hozirda mamlakat bo‘ylab 30 ta dilerlik markaziga ega bo‘lgan kompaniya yil oxiriga kelib ularning sonini 60 – 70 taga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Xpeng marketing direktori Tomas Rodier CarNewsChina nashriga ma’lum qildi.
Xpeng rasmiy ravishda Fransiya bozoriga 2024-yil may oyida kirdi va avtomobillar yetkazib berish sentabr oyida boshlandi. Hozirgacha kompaniya 800 ga yaqin elektromobillar yetkazib bergan bo‘lib, ularning 511 tasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Faqatgina 2024-yil dekabr oyida Fransiyaga 300 ta Xpeng avtomobili olib kelingan.
Hozirda Xpeng Fransiyada G6 va G9 SUV modellari sotuvda. G6 Tesla Model Y bilan raqobatlasha olsa, G9 esa flagman sifatida taqdim etilgan. Kompaniya mijozlarning 50 foizini yuridik shaxslar, 50 foizini esa jismoniy shaxslar tashkil qilishini kutmoqda. Ayni paytda esa G9 savdolarining 80 foizdan ortig‘i B2B segmentiga tegishli.
Xpeng Frantsiyada elektromobillarni quyidagi narxlarda sotmoqda:
Xpeng G6:
- RWD standart – 42,9 ming yevro, 435 km masofa, 190 kVt quvvat
- RWD uzoq masofa – 46,9 ming yevro, 570 km masofa, 210 kVt quvvat
- AWD ishlashi – 50,9 ming yevro, 550 km masofa, 350 kVt quvvat
Xpeng G9 (800V zaryadlash):
- RWD standart – 59,9 ming yevro, 460 km masofa, 230 kVt quvvat
- RWD uzoq masofa – 63,9 ming yevro, 570 km masofa, 230 kVt quvvat
- AWD ishlashi – 73,9 ming yevro, 520 km masofa, 405 kVt quvvat
Xpeng 2025-yilda faqat ikkita modeliga e’tibor qaratadi, ammo yil oxirigacha Xpeng P7+ modelini ham Fransiyaga olib kelishi mumkin. Kompaniya hozirda Finlyandiya, Germaniya, Niderlandiya, BAA, Tailand va Misr kabi 12 ta xalqaro bozorda sotuvni amalga oshirmoqda.
2024-yilda Xpeng global miqyosda 190 ming elektromobil sotdi, bu 2023-yildagiga nisbatan 34,2 foizga o‘sish demakdir. Xitoyda Xpeng G6 Long Range versiyasi 169,9 ming yuandan ($23,4 ming), G9 flagman modeli esa 228,9 ming yuandan ($31,6 ming) boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy elektromobillari Norvegiya bozorida tobora mustahkam o‘rnashayotgani haqida xabar bergan edi.