BYD yanvar oyida 300 mingdan ortiq avtomobil sotdi va eksport rekord darajaga yetdi

3-fevral 2025 10:22 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir
Foto: CarNewsChina

2025-yil yanvar oyida BYD 300,5 mingta elektr transport vositasini sotib, avvalgi yilning shu davriga nisbatan 47,5 foiz ko‘proq natijaga erishdi. Biroq, dekabr oyiga nisbatan savdo hajmi 41,8 foizga kamaydi. Bu haqda CarNewsChina ma’lum qildi.

Yo‘lovchi transport vositalari segmentida BYD 125,3 ming dona akkumulyatorli elektr avtomobil (BEV) sotdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 19,1 foiz ko‘pdir. BEV savdolari BYD umumiy sotuvlarining 42,3 foizini tashkil qildi. Shu bilan birga, gibrid avtomobillar (PHEV) savdosi 171 ming donaga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 78,7 foizga oshdi. PHEV savdolari kompaniya sotuvlarining 57,7 foizini egalladi.

Kompaniya tomonidan sotilgan jami 300,5 ming dona transport vositasidan 296,4 mingtasi yo‘lovchi avtomobillari bo‘lsa, 4 mingtasi tijorat transport vositalari va avtobuslardan iborat.

Yanvar oyida BYD eksport hajmini 66,3 ming donaga yetkazib, avvalgi yilga nisbatan 83,3 foizlik o‘sishga erishdi va yangi rekord o‘rnatdi. Kompaniyaning umumiy ishlab chiqarish hajmi esa 327,8 ming donani tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 49,1 foizga ko‘p.

BYDning subbrendlari, jumladan Yangwang, Fang Cheng Bao va Denza ham yuqori natijalarga erishdi. Yangwang o‘zining yangi U8 SUV va U9 superkari bilan 286 dona avtomobil sotgan bo‘lsa, Fang Cheng Bao 6219 dona avtomobil sotib, o‘tgan yilga nisbatan 19,5 foiz o‘sishga erishdi. Denza brendi esa 11,7 ming dona avtomobil sotib, o‘tgan yilga nisbatan 29,2 foizga ko‘p natijaga ega bo‘ldi.

BYD eksport faoliyatini kengaytirishni davom ettirmoqda. Kompaniya Tailandda yillik 150 ming dona quvvatga ega zavod qurib ishga tushirdi. Shu bilan birga, Indoneziyada yana shuncha quvvatga ega zavod qurish rejalashtirilgan.

Yanvar oyida Xitoy Yangi yili bayramining savdo hajmiga ta’sir qilganiga qaramay, kompaniya o‘z savdo va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bilan elektr transport bozorida yetakchi o‘rinni saqlab qoldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Qin L EV yangi avlod batareyasi bilan sinovdan o‘tkazilayothani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek