Xiaomi 15 Ultra flagmani iPhone 16 Pro Max va Galaxy S25 Ultra bilan raqobatga tayyor

15-fevral 2025 18:01 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir
Foto: Android Headlines

Xiaomi kompaniyasi o‘zining yangi flagmani Xiaomi 15 Ultra’ni taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Qurilma Xitoyda shu oyning oxirida, jahon bozorida esa 2-mart kuni namoyish etilishi kutilmoqda. Bu haqda Android Headlines nashri ma’lum qildi.

Yangi model dizayni va texnik xususiyatlari oldindan oshkor bo‘ldi. Smartfon 6,73 dyuymli 2K AMOLED displey va 120 Gts yangilanish chastotasiga ega bo‘lib, Qualcomm Snapdragon 8 Elite chipi bilan ishlaydi va Android 15 operatsion tizimi bilan jihozlanadi. Xiaomi 15 Ultra kamerasi flagman segmentida alohida e’tiborga sazovor.

Foto: Android Headlines

Uning asosiy kamerasi 50 megapikselli Sony LYT-900 sensorga ega bo‘lib, ultra keng burchakli modulida 50 MP Samsung JN5, optik zoomga ega periskop modulida esa 50 MP Samsung ISOCELL HP9 qo‘llanilgan. Old kamera ham yuqori sifatli suratlar uchun 32 MP sensorga ega. Qurilma 5410 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlanadi va 90 Vt tezkor simli hamda 80 Vt simsiz quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Smartfon USB 3.2 porti, IP69 himoya darajasi, Wi-Fi 7, NFC va ekran ostidagi barmoq izi skaneri bilan jihozlangan.

Xiaomi 15 Ultra qalinligi 9,48 mm, og‘irligi esa 229 gramm bo‘lishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun: Apple iPhone 16 Pro Max va Samsung S25 Ultra mos ravishda 227 hamda 218 gramm.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 15 Ultra kamerasi bilan olingan ilk surat e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek