
Yangi Chevrolet Spark elektromobili bir vaqtning o‘zida Braziliya, Meksika va Birlashgan Arab Amirliklarida rasman taqdim etildi. Bu model yanvar oyida Braziliyada yopiq diler tadbirida namoyish qilingan edi, endilikda esa u xalqaro bozorga chiqmoqda. Bu haqda AvtoRevyu nashri ma’lum qildi.
Ilgari Chevrolet Spark ixcham benzinli xetchbek sifatida tanilgan bo‘lsa, yangi versiya butunlay o‘zgarib, Xitoyning SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan elektr avtomobili Baojun Yep Plus asosida yaratildi. Asosiy farq emblema va nomda, qolgan jihatlari deyarli bir xil.

Yangi Spark elektromobili uzunligi 3996 mm, kengligi 1760 mm, balandligi 1726 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2560 mm va klirensi 150 mm.ni tashkil etadi. Model olti xil rangda taqdim etilib, tom qismi qora yoki oq bo‘lishi mumkin. Xaridorlar avtomobilni turli aksessuarlar, qo‘shimcha himoya qoplamalari va tom tokchalari bilan jihozlash imkoniyatiga ega.

Ichki makon ham asl Baojun modelidan farq qilmaydi. Salon to‘rtta o‘rindiq va ikkita raqamli ekran bilan jihozlangan: biri 8,8 dyuymli asboblar paneli, ikkinchisi 10,1 dyuymli media tizimi uchun. Jihozlar ro‘yxatiga xavfsizlik yostiqchalari, kalitsiz kirish, elektr haydovchi o‘rindig‘i, oltita dinamik, Apple CarPlay va Android Auto qo‘llab-quvvatlovi, to‘liq kameralar, kruiz nazorati va 428 litrli yukxona kiradi.



Texnik jihatdan Spark elektromobili 102 ot kuchiga ega old o‘q motoriga ega bo‘lib, 180 Nm aylanish momenti va 150 km/soat maksimal tezlikni ta’minlaydi. 42 kVt/soat sig‘imli lityum temir fosfat batareyasi NEDC standartiga ko‘ra 360 km yurish masofasini ta’minlaydi. Tez zaryadlash funksiyasi 30% dan 80% gacha quvvat olishni 35 daqiqada amalga oshiradi, 10 daqiqalik zaryad esa 50 km masofani qo‘shadi. Uy sharoitida 7 kVt quvvatli zaryadlagich orqali 20% dan 100% gacha quvvat olish yetti soat davom etadi.

Yangi Chevrolet Spark elektromobilining Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqda sotuvi tez orada boshlanadi. Xitoyda uning Baojun Yep Plus versiyasi $13 mingdan sotilmoqda, biroq Chevrolet brendi ostidagi xalqaro modeli biroz qimmatroq bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet BrightDrop furgonlari taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.