
Samsung smartfonlari foydalanuvchilari qurilmalarida tez zaryadlash funksiyasi buzilganidan shikoyat qilishdi. Bu haqda Android Police nashri ma’lum qilmoqda.
Galaxy S25+ va S25 Ultra foydalanuvchilari muammolar haqida rasmiy Samsung forumi va Reddit tarmogʻida xabar bermoqda.
Iste’molchilarning eng koʻp uchraydigan shikoyati shundaki, qurilmalar juda sekin zaryadlanadi. Ular smartfon ekranida Super Charging 2.0 funksiyasi yoqilganda ham zaryadlanish juda sekin kechishini aytmoqda.
Murojaatlarga koʻra, original zaryadlovchi adapter ham qurilmani zaryad qila olmasligi ham mumkin. Ayrim foydalanuvchilar, Galaxy S24 yoki undan oldingi gadjetlarga tegishli 45 vattli adapterni ulashda tez zaryadlash ishlamasligini aytishgan. Reddit tarmogʻida S21+ bilan ishlatgan barcha zaryadlovchi qurilmalar yangi telefonda ishlamasligi keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Muammo Samsung kompaniyasining Italiya filiali mutaxassislari e’tiboriga havola etilgani aytilmoqda. Ular kelajakda muammoni bartaraf etishga va’da berishgan. Shuningdek, original Samsung zaryadlovchi aksessuarlaridan foydalanishni tavsiya qilishgan.
Avvalroq Samsung kompaniyasi Galaxy S25 seriyasining birinchi yangilanishni taqdim etgani haqida ma’lum qilgan edik.