«Humo» «Gornyak» klubiga qarshi dastlabki o‘yinda g‘alaba qozondi

18-fevral 2025 22:48 eʼlon qilindi

(19-fevral 2025 13:56 yangilandi)
Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir
Foto: HC Humo

Toshkentning «Humo» jamoasi Qozog‘iston ochiq chempionatining pley-off bosqichidagi ilk o‘yinida «Gornyak» ustidan 5:3 hisobida g‘alaba qozonib, seriyada oldinga chiqdi, deb xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.

O‘yin keskin kurash ostida o‘tib, mezbonlar dastlab 0:2 hisobida ortda borayotgan bo‘lsa ham, uchinchi bo‘limda raqib darvozasiga ketma-ket uchta gol urib, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Uchrashuv «Gornyak» uchun juda omadli boshlandi. Mehmonlar to‘rtinchi daqiqadayoq Yevgeniy Stepanov orqali hisobni ochishdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, yana Stepanov o‘zining ikkinchi golini urib, «Gornyak» hisobdagi ustunligini oshirdi – 0:2. Birinchi bo‘lim shu hisobda yakunlandi.

Ikkinchi bo‘limda «Humo» o‘z o‘yinini kuchaytirib, hujumlarga zo‘r berdi. 29-daqiqada Kravchenko (Litovchenko va Siksna uzatmalaridan keyin) jamoamizning birinchi golini urdi va hisobni qisqartirdi – 1:2. 37-daqiqada Emil Malishev (Karaban va Jilovning uzatmalari) yordamida muvozanatni tikladi – 2:2. Ammo «Humo»ning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Atigi bir daqiqadan so‘ng, Polyanichev (Platonov pasidan keyin) «Gornyak»ni yana oldinga olib chiqdi – 2:3.

Uchinchi bo‘limda «Humo» haqiqiy kuchini namoyish etdi. 43-daqiqada Andrey Buyalskiy (Grens uzatmasidan keyin) gol urib, hisobni tenglashtirdi – 3:3. Oradan atigi 38 soniya o‘tib, Artyom Lixotnikov (Shulenin va Malishev yordamida) gol urib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi – 4:3.

Yana 40 soniya o‘tib, Buyalskiy o‘zining ikkinchi golini urdi va hisobni 5:3 ko‘rinishiga olib keldi. Unga bu golni Stepanenko uzatmasi bilan yaratib berdi.

Shu tariqa, «Humo» pley-off seriyasini ishonchli g‘alaba bilan boshladi.

Yakuniy hisob: «Humo» (Toshkent) – «Gornyak» (Rudniy) 5:3 (0:2, 2:1, 3:0)

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Humo» Qozogʻistonning «Gornyak» jamoasini qabul qilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek