
Apple o‘zining arzon iPhone SE liniyasini tarixga aylantirib, uning o‘rniga iPhone 16 seriyasining yangi budjet modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bloomberg jurnalisti Mark Gurmanning ma’lum qilishicha, yangi qurilma iPhone SE 4 emas, balki iPhone 16E deb nomlanishi mumkin. Bu haqda Macrumors nashri ma’lum qildi.
Yangi model 6,1 dyuymli OLED displey, Face ID, harakat tugmasi va iPhone 14’dan ilhomlangan dizayn bilan jihozlanadi. Shuningdek, unda Apple tomonidan ishlab chiqilgan yangi 5G-modem, 8 Gb tezkor xotira va A18 chipi bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa unga Apple Intelligence sun’iy intellekt tizimini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Narxi taxminan $500 bo‘lishi kutilayotgan iPhone 16E 19-fevral kuni rasman taqdim etilishi va oldindan buyurtma berish imkoniyati tez orada ishga tushirilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan taniqli insayder iPhone 17 Pro’ning dizayni haqida ma’lumot bergani haqida xabar bergan edi.