
SAIC-Volkswagen kompaniyasi Xitoy bozorida ID.4 X elektr krossoveri narxini 13% ga arzonlashtirdi. Endi avtomobil 139,9 ming yuan ($19,2 ming) narxda sotilmoqda. Bu modelning 2021-yildagi 193,9 ming yuan ($26,7 ming dollar) narxidan 30% ga arzonlashgani deganidir. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Volkswagen Xitoyda SAIC-VW va FAW-VW qo‘shma korxonalari orqali faoliyat yuritadi. Ushbu kompaniyalar ko‘pincha bir xil modellarni ishlab chiqarib, sotuvga chiqaradi, biroq ularni farqlash uchun SAIC versiyalari «X», FAW versiyalari esa «Crozz» nomi bilan ajratiladi.
Narxning tushirilishi Volkswagenning boshqa hamkorlikdagi modeli ID.4 Crozz arzonlashuvi bilan bir vaqtda amalga oshirildi. Shu orqali kompaniya SAIC va FAW qo‘shma korxonalari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirish va bozor ulushini oshirish niyatida. SAIC ID.3 modelining ommaviy muvaffaqiyati sababli biroz ustunlikka ega bo‘lsa-da, ID.4 bo‘yicha FAW o‘tgan yili SAIC’dan ko‘ra ko‘proq savdo qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy bozorida Volkswagen ID krossoverlarining narxi qulagani haqida xabar bergan edi.