
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ayollar uchun yaxshi sovg‘a tanlash muhim masala. Har bir ayolning didi va qiziqishlari turlicha bo‘lsa-da, umumiy tendensiyalar mavjud. Kursiv Uzbekiston ijtimoiy tarmoqlarda so‘rovnoma o‘tkazish orqali ayollar bayramda qanday sovg‘alar kutishayotgani haqidagi fikrlarni keltirib o‘tadi.
Bu maqolada nimalarni bilib olish mumkin:
- Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan olingan so‘rovnomalar
- Qanday sovg’alar tayyorlash mumkin: «Kursiv»dan takliflar
Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan olingan so‘rovnomalar

«8-mart bayramiga kutayotgan sovg‘alarimdan biri va asosiysi bu oshxona kombayni. Bu qurilma ko‘p funksiyali, yuqori quvvatga ega oshxona texnikasi bo‘lib, u xamir qorish, aralashtirish, maydalash, kesish va hatto sharbat tayyorlash kabi turli vazifalarni bajara oladi. Xullas, ayollarning kerakli yordamchilaridan biri», – deb yozdi Madinabonu Navruzova (Facebook foydalanuvchisi).

«Bayramda men uchun ajoyib sovg‘a bu «Payg‘ambarlar tarixi» va «Tafsiri Hilol» asarlarini hadya qilishlari bo‘ladi. Ushbu ikki asarni ko‘pdan beri o‘qishni xohlayapman. «Payg‘ambarlar tarixi» bu asar Islom olamida mashhur bo‘lib, unda Alloh tomonidan yuborilgan payg‘ambarlarning hayoti va faoliyati haqida hikoya qilinadi. «Tafsiri Hilol» asari esa mashhur tafsirchi, olim va tarjimon Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qalamiga mansub bo‘lib, Qur’oni Karimning chuqur tafsiri va o‘zbek tilidagi tarjimasidir», – deb izoh qoldirdi Sapura Temirxanova (Talaba, jurnalist).

«Men bayramda olishni kutayotgan narsalarim talaygina. Masalan, fitnes uchun kerakli narsalar, ya’ni sport kiyimi, yoga gilamchasi, 2 kilogramlik 2 ta gantel. Oshxonam uchun esa blender hamda kiyimlar uchun bug‘li dazmol xohlayman. Elektronika vositalaridan Apple watch, Airpods va Power-bank. Kiyim-kechaklardan esa Zara brendi do‘konidagi o‘zim yoqtirgan sumka. Xullas, ro‘yxatni hali anchagacha davom qildirishim mumkin», – deb yozdi Madina Rajabova (Facebook foydalanuvchisi).

«1 dona Bitcoin. Shuning o‘zi barcha xohlayotgan narsalarimga erishda oltin «lotoreya» bo‘ladi», – deb izoh qoldirdi Sitora Mamarasulova (Crypto jurnalist, Linkedin).

«Bayramda kutayotgan sovg‘alarimdan biri bu yuz uchun parvarish vositalari. Har bitta ayol uchun bu narsa muhim, chunki biz yuzimiz orqali ko‘p narsalarni ifodalab beramiz. Shuningdek, bayramni ko‘rki bo‘lgan gullar va tort ham quvonchimni orttirishi aniq», – deb yozdi Gulnoza Avganova (Facebook foydalanuchisi).

«8-martda men yoqtirgan insonlar shunchaki men bilan bo‘lishini xohlagan bo‘lardim. Birga vaqt o‘tkazishi, menga vaqtini sarflashini so‘rardim. Sovg‘alar emas, yoqtirgan insonlari uchun qimmatli bo‘lgan vaqtini menga sarflashi unutilmas sovg‘a bo‘lardi», – deb fikr bildirdi Malika Ravshanova (Spot.uz jurnalisti).

«Men bu yilgi bayramda yangi uy kutyapman. Albatta bu katta orzu yoki sovg‘a bo‘lishi mumkin. Ammo, kutishda davom etaman va kun kelib bu sovg‘a albatta menga beriladi», – deb yozdi Nigora G‘aniyeva (Facebook foydalanuvchisi).

«Ertaga bayram, gul, atir, turli shirinliklar ha, bular 8-mart uchun ideal sovg‘alar bo‘lishi mumkin, men ham bugungacha shunday hisoblab kelganman. Ammo bu yil Iphone 15 Pro Max sovg‘a qilishlarini kutyapman. Sovg‘ani kimdan va nima olish muhim emas, muhimi e’tibor», – deb izoh qoldirdi Nilufar Yuldasheva (Talaba, Qoraqalpog‘iston Respublikasi).

«Bayram desa albatta barcha ayollar birinchi navbatda gullarni tasavvur qilsa kerak. Men ham yaqin insonlarimdan gullar va kechki ovqat uchun biror joyga taklifni kutyapman. Bularning barchasi mehr va e’tibor asosida yaralgan bo‘lishining o‘zi eng katta sovg‘a bo‘ladi», – deb fikr bildirdi Noila Salomova (Facebook foydalanuvchisi).

«Bu yil yangi uyimda nishonlayotgan uchinchi 8-mart bayramim. Bu kunni barcha ayollar qaysidir ma’noda kutishi tabiiy. Hozirda turmush o‘rtog‘im safarda va ularning kutilmaganda qo‘llarida gul bilan kirib kelishi men uchun haqiqiy sovg‘a bo‘lardi», – deb yozdi Dilafruz Gulmetova (Uy bekasi, Xorazm viloyati).
Qanday sovg’alar tayyorlash mumkin: «Kursiv»dan takliflar
So‘rovnoma qatnashchilarining aksariyati gullar, bayramona kecha, elektronika vositalari va kitoblar kutayotganini bildirishgan. Kursiv Uzbekistan bayram uchun qanday sovg‘a olishga ikkilanayotganlar uchun qo‘shimcha takliflarni ham keltirib o‘tadi:
Klassik va doimiy sovg‘alar:
– Gullar – har qanday bayramning ajralmas qismi. Ayniqsa, atirgullar, lola va orxideya hozirda mashhur.
– Shirinliklar va shokoladlar – sifatli shokolad, eksklyuziv desertlar ayollarga yoqadi.
– Parfyumeriya va kosmetika – sevimli atir yoki brend kosmetika mahsulotlari doimiy yoqimli sovg‘a bo‘lib qoladi.
Shaxsiy va kutiladigan sovg‘alar:
– Zargarlik buyumlari – tilla yoki kumush taqinchoqlar doimiy esdalik bo‘lib qoladi.
– Shaxsiylashtirilgan sovg‘alar – ism yozilgan bilaguzuk, maxsus dizayndagi taqvim, fotosurat tushirilgan kubok yoki futbolka.
– Kitoblar – ayolning didiga mos keladigan kitob tanlash e’tibor va hurmatning belgisi.
Dam olish va o‘zini parvarish qilish sovg‘alari
– Spa va go‘zallik salon sertifikatlari – massaj, yuz parvarishi yoki manikyur uchun sovg‘a sertifikati.
– Sayohat yoki dam olish kuni – sanatoriya yoki tog‘li hududlarga sayohat uyushtirish.
– Yoga kursi, fitnes zalga obuna yoki sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlovchi aksessuarlar.
Avvalroq Kursiv O‘zbekiston Toshkentda 8-mart arafasida gullar narxi qanchani tashkil qilayotgani haqida yozgandi.