O‘zbekiston banklari yevroobligatsiyalar bozorida faol bo‘lishi kutilmoqda

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Bunga asosan kreditlarni qayta moliyalashtirish zarurati, ijobiy iqtisodiy sharoit va investorlarning yuqori qiziqishi sabab bo‘ladi
O‘zbekiston banklari yevroobligatsiyalar bozorida faol bo‘lishi kutilmoqda / Foto: www.depositphotos.com

2025-yilda MDH+ banklarining yevrobond chiqarish hajmi 2024-yilgi rekord darajaga yetishi mumkin. Bunga asosan kreditlarni qayta moliyalashtirish zarurati, ijobiy iqtisodiy sharoit va investorlarning yuqori qiziqishi sabab bo‘lmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston banklari yetakchilik qilishi kutilmoqda. Mazkur prognozni Fitch Ratings agentligi e’lon qilgan (hisobot «Kursiv»da mavjud).

O‘zbekiston banklari yevrobond chiqarishni ko‘paytiradimi

Fitch Ratings ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda MDH+ banklarining xalqaro obligatsiyalar bozoridagi faolligi sezilarli darajada oshib, jami $3,5 milliardga yetgan (2020-yilda $1,3 mlrd edi). 2025-yilda esa bu tendensiya davom etishi kutilmoqda.

2025-2026-yillarda jami $1,8 milliard miqdoridagi tashqi qarz muddati tugashi kutilayotganligi bois banklar obligatsiyalar chiqarish orqali bu mablag‘larni qayta moliyalashtirishga intiladi. Ayniqsa, O‘zbekiston banklari 2025-yilda $0,7 milliard miqdoridagi qarz majburiyatlarini qoplash uchun yangi yevrobond chiqarishi kutilmoqda.

«Ayrim O‘zbekiston banklari ilk bor yevrobond chiqarishi kutilmoqda, chunki mahalliy bozorda uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlari cheklangan va banklar o‘z moliyaviy manbalarini davlat bilan bog‘liq resurslardan diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Shuningdek, so‘m kursining nisbatan barqarorligi sharoitida banklar tashqi bozorda so‘mda denominatsiyalangan qarz majburiyatlarini chiqarishni davom ettirishi mumkin», – deyiladi hisobotda.

Investorlar MDH+ bozorlariga qiziqish bildirmoqda

MDH+ banklarining xalqaro obligatsiyalar chiqarishi global investorlar uchun jozibadorligicha qolmoqda. Bu mintaqadagi kuchli iqtisodiy o‘sish, bank sektorining mustahkamligi va Rossiya banklarining xalqaro bozorga chiqish imkoniyati cheklanganligi bilan bog‘liq. Fitch mutaxassislariga ko‘ra, mintaqadagi geosiyosiy vaziyat obligatsiya chiqarish jarayoniga sezilarli ta’sir o‘tkazuvchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

Qozog‘istonning Rivojlanish banki (Development Bank of Kazakhstan) 2024-yilda $1,4 milliardlik yevrobond joylashtirdi va yaqin yillarda yana xalqaro bozorga chiqishi mumkin. Biroq, Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya banklari obligatsiyalar chiqarishga ehtiyoj sezmayotgani, Gruziya banklari esa siyosiy xatarlar tufayli investorlarning salbiy munosabatiga duch kelishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston $1,5 mlrd miqdoridagi xalqaro obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek