
O‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogi bosqichida tayanch sakrash yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 49 yoshli sportchi 13,516 ball to‘plab, raqiblarini ortda qoldirdi. Bu haqda RBK xabar bermoqda.
Ikkinchi o‘rin 30 yoshli sloveniya vakili Teya Belakka (13,366 ball), uchinchi o‘rin esa uning hamyurti 31 yoshli Tyasa Kisseliefga (13,283 ball) nasib etdi.
Oksana Chusovitina sport gimnastikasi tarixidagi noyob sportchilardan biri hisoblanadi. U sakkizta yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020) va turli yillarda SSSR, Germaniya hamda O‘zbekiston terma jamoalari sharafini himoya qilgan.
Chusovitina 1992-yilgi Barselona Olimpiadasida jamoaviy musobaqalarda oltin medalni qo‘lga kiritgan, 2008-yilda Pekinda esa Germaniya terma jamoasi tarkibida tayanch sakrash bo‘yicha kumush medal sohibiga aylangan.
Avvalroq u 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga yo‘llanma olishga harakat qilishini ma’lum qilgan edi. «Parij – 2024» musobaqasida esa jarohat tufayli qatnasha olmadi.