
OpenAI sobiq eksperti Maylz Brendej kompaniyani GPT-2 modeli ishlab chiqarilishi tarixi boʻyicha haqiqatni buzib koʻrsatishda va sun’iy intellekt xavfsizligiga yetarli e’tibor bermaslikda aybladi.
Brendej OpenAIʼning umumiy sun’iy intellekti (AGI) bosqichma-bosqich rivojlantirish strategiyasi e’lon qilinishidan norozi boʻlib, unda GPT-2 dastlab xavfsizlik nuqtai nazaridan yashirilgani aytilganini rad etdi. Uning soʻzlariga koʻra, model aslida xavfsizlik tamoyillariga amal qilgan holda bosqichma-bosqich tarqatilgan.
Shuningdek, u kompaniyaning xavfni baholash strategiyasini tanqid qilib, OpenAI faqat aniq va rad etib boʻlmaydigan tahdidlar paydo boʻlgandagina chora koʻrishini qayd etdi.
Ushbu tanqidlar OpenAIʼga nisbatan tobora kuchayib borayotgan e’tirozlar – shaffoflik yetishmovchiligi, tijoriy manfaatlarning ustuvorligi va sun’iy intellekt vositalari orqali notoʻgʻri ma’lumotlarning tarqalishi xavfi fonida yangradi.
Garchi kompaniya auditorlar bilan hamkorlik qilish va xavfsizlikni oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishini bildirgan boʻlsa-da, mutaxassislar OpenAIʼning yondashuvi reaktiv, ya’ni mavjud muammolarga keyinchalik javob berish shaklida boʻlib qolayotganini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shimoliy Koreyada ilmiy tadqiqotlarda ChatGPTʼdan foydalanilayotgani ma’lum boʻlgani haqida xabar bergan edi.