
Madrid derbisida «Real» va «Atletiko» jamoalari o‘rtasidagi keskin bahs penaltilar seriyasiga qadar davom etdi. «Atletiko» o‘yinning 27-soniyasidayoq gol urib, umumiy hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘limda esa «Real» vingeri Vinisius penaltdan foydalana olmadi.
O‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tdi, biroq unda ham g‘olib aniqlanmadi. Penaltilar seriyasida «Real» g‘alaba qozondi.
«Arsenal» esa «PSV» bilan javob uchrashuvida asosiy tarkibdagi futbolchilariga dam berdi va durang natija qayd etdi. «Aston Villa» 17-daqiqadayoq kamchilikda qolgan «Bryugge» darvozasiga yana 3 ta gol urdi.
Dortmundning «Borussiya» klubi o‘z maydonida «Lill» bilan durang o‘ynagani edi, biroq Fransiyadagi javob uchrashuvida irodali g‘alabaga erishib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Shu tariqa chorakfinalning barcha juftliklari maʼlum boʻldi:
«PSJ» — «Aston Villa»
«Arsenal» — «Real»
«Barselona» — «Borussiya D»
«Bavariya» — «Inter»
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov «Manchester City»ning fevral oyidagi eng yaxshi futbolchisiga aylangani haqida xabar bergan edi.