
Toyota kompaniyasi o‘zining yangi FT-Me shahar elektromobilini rasman taqdim etdi. U Toyota C-HR+ SUV va yangilangan bZ4X modeli bilan birgalikda Yevropadagi elektromobillar taqdimotida ilk bor namoyish qilindi. Bu haqda avtorevyu nashri ma’lum qildi.
Kompaniya 30 yildan beri miniatyura avtomobillar ishlab chiqib keladi va avvalroq Yaponiyada COMS oilasi elektr transport vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edi. Ammo Toyota FT-Me aynan Yevropa bozoriga mo‘ljallangan loyihadir.

Shahar uchun ixcham va qulay transport
Toyota FT-Me kompaniyaning avvalgi Toyota iQ xetchbekining davomchisi emas, balki undan ham ixcham va soddaroq elektromobil sifatida ishlab chiqilgan. Uning uzunligi 2,5 metrdan kam, ya’ni kvadrisikllar sinfiga kiradi. Bu esa 14 yoshdan boshlab haydash imkonini beradi. Yangi elektromobil Renault Citroen Ami yoki Mobilize Duo kabi Yevropadagi mashhur mikroavtomobillarga raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda. Toyota FT-Me odatiy avtoturargoh joyining faqat yarmida, ba’zi hollarda hatto uchdan bir qismida joylashishi mumkin. Shu sababli ishlab chiquvchilar uni «elektromobillar klubiga kirish chiptasi» deb atashmoqda.

Innovatsion dizayn va boshqaruv tizimi
FT-Me dizayni qiruvchi samolyot uchuvchilarining dubulg‘alaridan ilhomlangan, katta shisha maydoni esa keng ko‘rinish imkonini beradi. Eng katta o‘zgarish pedallarning yo‘qligi, chunki avtomobil to‘liq qo‘lda boshqariladigan ko‘p funktsiyali rul yordamida harakatlanadi. Bu yechim nogironlar aravachasidan foydalanuvchilar uchun ham qulaylik yaratadi, chunki ularga hech qanday qo‘shimcha modifikatsiya talab etilmaydi.
Toyota FT-Me zamonaviy avtomobillar bilan uzluksiz smartfon integratsiyasiga ega bo‘ladi. Maxsus mobil ilova yordamida mikroavtomobilni masofadan boshqarish, texnik holatini kuzatish, ochish va yopish mumkin bo‘ladi.

Ekologik toza va energiya tejamkor
Toyota FT-Me qayta ishlangan materiallardan tayyorlanadi, bu esa uglerod izini 90 foizga kamaytiradi. Eng qiziqarli jihati – tomiga quyosh panellari o‘rnatilgan, ular bir kun ichida 20-30 km zaryad bera oladi. Bu esa shaharda harakatlanish uchun rozetkadan quvvat olish zaruriyatini kamaytiradi, ya’ni avtomobil to‘liq ekologik toza transport vositasiga aylanadi.
Toyota FT-Me bir marta to‘liq zaryadda 100 km yo‘l bosishi mumkin. Biroq hozircha uning boshqa texnik xususiyatlari e’lon qilinmagan.

Ishlab chiqarish va sotuvga chiqish sanasi
Toyota kompaniyasi FT-Me mikroavtomobilini 2027-yilda Yevropada ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda. Ushbu model shahar hayotiga moslashgan ixcham va ekologik toza transport vositasi sifatida bozorga chiqadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toyota yangi C-HR modelini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.