Samsung Galaxy Z Fold 7 va Z Flip 7 modellarini qachon ishlab chiqarishi ma’lum bo‘ldi

20-aprel 2025 16:17 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir
Foto: Sammobile.com

Samsung kompaniyasi 2025-yilgi buklanuvchi Galaxy Z Fold 7 va Galaxy Z Flip 7 modellarini iyul oyida taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda Sammobile nashri xabar berdi.

Shuningdek, ularga qo‘shimcha ravishda arzonlashtirilgan Galaxy Z Flip FE modeli ham chiqarilishi mumkin. Kompaniya ushbu yangi modellarni may oyidan boshlab ommaviy ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Samsung Display kompaniyasi Galaxy Z Fold va Z Flip modellariga mo‘ljallangan buklanuvchi OLED panellarini yetkazib beradi. Xabarlarga ko‘ra, u allaqachon yangi modellarga mo‘ljallangan panellarni ishlab chiqarishni boshlagan va yaqin orada ularni Samsung Electronics’ga yetkazadi. Samsung Electronics esa may oyida telefonlarni yig‘ishni boshlaydi.

Samsung Display va Samsung Electronics kompaniyalarining zavodlari Vyetnamda joylashgan. Tayyor panellar shu yerga yuborilib, telefonlar to‘liq yig‘iladi. Ushbu qurilmalar asosan Vyetnamda ishlab chiqariladi va butun dunyo bo‘ylab, jumladan AQShga ham eksport qilinadi.

Galaxy Z Flip FE modeli aynan Fold 7 va Flip 7 bilan birga taqdim etiladimi yoki yo‘qmi — hozircha noma’lum. Samsung arzonroq model yuqori darajadagi Flip 7 savdolariga salbiy ta’sir qilmasligi uchun uni keyinroq taqdim etishi ham mumkin.

Manbalarga ko‘ra, Galaxy Z Flip FE modelining taqdimoti joriy yilning to‘rtinchi choragiga, ya’ni oktabr yoki noyabr oylariga to‘g‘ri keladi. Kompaniya, shuningdek, tri-fold — uch marta buklanuvchi smartfon ustida ham ishlamoqda, ammo bu qurilmaning 2025-yilda chiqishi noma’lumligicha qolmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple 2027-yildan bukiladigan iPhone ishlab chiqarishi haqida yozgandi.

Shuningdek