
Xiaomi Redmi Monitor G Pro 27Q o‘yin monitorini rasman taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Qurilma Mini LED texnologiyasiga ega bo‘lib, 1152 ta orqa yorug‘lik zonasi, 2000 nit maksimal yorqinlik va HDR1000 standartini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekranning yangilanish tezligi 180 Gts, javob vaqti esa 1 ms (GTG) bo‘lib, FreeSync texnologiyasi bilan birga geymerlar uchun ideal yechimga aylanadi.
Raqamli tasvir sifati ham yuqori bo‘lib, 99% DCI-P3, 99% Adobe RGB va 100% sRGB rang gamutlarini qamrab oladi. Monitor 24-apreldan sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan. Narx hozircha e’lon qilinmagan, ammo Xiaomi an’analaridan kelib chiqib, u yuqori bo‘lmasligi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi Redmi Turbo 4 Pro smartfoni taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.