
Samsung nihoyat Galaxy Tab S10+ va Tab S10 Ultra planshetlari uchun Android 15 asosidagi barqaror One UI 7.0 yangilanishini chiqardi. Yangilanish hozircha Janubiy Koreyada mavjud bo‘lib, yaqin kunlarda boshqa mintaqalarda ham tarqatilishi kutilmoqda. Bu haqda Sammobile nashri ma’lum qildi.
Samsung Galaxy Tab S10+ uchun proshivka versiyasi X820XXU2BYD7, Tab S10 Ultra uchun esa X920XXU2BYD7 deb belgilangan. Yuklab olish hajmi taxminan 5 GB ni tashkil qiladi va 2025-yil aprel xavfsizlik yamog‘ini o‘z ichiga oladi.
One UI 7.0 yangilanishi foydalanuvchilarga yangilangan bildirishnoma va tezkor panel, silliq animatsiyalar, yangi dizaynga ega ilova ikonkalari, takomillashtirilgan ilovalar interfeysi, yangi vidjetlar hamda bosh ekran va qulflangan ekran uchun kengaytirilgan sozlamalarni taqdim etadi.
Bundan tashqari, Galaxy AI funksiyalari, ishlashda optimizatsiya, yangi zaryadlash animatsiyasi va tizim barqarorligidagi sezilarli yaxshilanishlar ham kiritilgan.
Planshet egalari yangilanishni «Sozlamalar → Dasturiy ta’minotni yangilash → Yuklab olish va o‘rnatish» orqali tekshirib, o‘rnatishlari mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung uzugi o‘zi qanday ishlashi haqida yozgan edi.