
Counterpoint Research hisobotiga ko‘ra, Lenovo 2025-yilning birinchi choragida global kompyuter bozorida 25 foizlik (15,3 mln dona) ulush bilan yetakchilikni saqlab qoldi. Kompaniyaning ulushi o‘tgan yilga nisbatan 1 foizga oshdi.
Lenovo ortidan HP (21% – 12,8 mln dona) va Dell (16% – 9,8 mln dona) kompaniyalari joy oldi. Apple 10 foizlik (6,14 mln dona) ulush bilan to‘rtinchi, Asus esa 6 foiz (3,6 mln dona) bilan beshinchi o‘rinni egalladi. Apple kompaniyasi MacBook M4 chipli yangi modellari tufayli yetkazib berishni 17 foizga oshirdi. Umuman olganda, jahon bo‘yicha kompyuter yetkazib berish 6,7 foizga ko‘payib, 61,4 mln dona qurilmaga yetdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, o‘sish sabablari Windows 10’ning qo‘llab-quvvatlanishi tugashi, Windows 11’ga o‘tish zarurati va AQShning bo‘lajak boj stavkalari bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lenovo Legion Y700 modelining yangilangan versiyasini 2025-yil uchun e’lon qilgani haqida yozgan edi.