
Maʼlumki soqolni moda yoki zamonaviy jarayonlarga qarab turmaklash Oʻzbekistonda ham ommalashmoqda. Bu erkak kishining tashqi koʻrinishi, balki, xarakter va ichki kechinmalarini ham aks ettiradi. Koʻpchilik oʻzining tashqi koʻrinishiga qarab soqol turini tanlaydi. «Kursiv» eng ommabop soqol turlari haqida maqolani taqdim etadi.
Bu maqolada quyidagi soqol stillari haqida bilib olasiz:
Gradatsiyali soqol yoki toraytirilgan soqol

Jahonda «The Tapered Beard» iborasi bilan mashhur boʻlgan bu stilda soqol pastdan yuqoriga qarab asta-sekin qisqarib boradi. Gradatsiyali soqol dumaloq va kvadrat yuz egalari, peshonasi keng insonlar uchun mos. Bu koʻrinishdagi soqol pastki qismda toʻlaroq soqol bilan yuzni vizual ravishda uzunroq qilib koʻrsatadi. Peshonasi keng va iyagi tor kishilarda yuz muvozanatini saqlaydi.
Gradatsiyali soqol uslubida koʻproq qora va qizil tanli insonlarni koʻrishingiz mumkin. Ammo bu tur tana rangini tanlamaydi.
Kalta soqol

Bu uslub ham ommabop boʻlib, koʻpchilikda jiddiylik va vazminlikni aks ettiradi. Bu soqolning 1-3 kunlik oʻsgan holati boʻlib, mashhur xorij kinolari teledasturlarida koʻp uchraydi. Bu qanday yuz egalari uchun xos?
- Kvadrat yuz: jagʻ chizigʻini aniqroq koʻrsatadi, qattiqqoʻl va jozibador koʻrinish beradi.
- Dumaloq yuz: yuzga burchakliroq koʻrinish beradi.
- Peshonasi keng, iyagi tor yuz: yuz muvozanatliroq koʻrinadi.
Klassik toʻliq soqol

Bu yuzning deyarli barcha qismlarini qamrab oladigan, erkaklarcha va kuchli koʻrinish beradigan soqol turidir.
Bunda odatda moʻylov, iyak, yonoq va boʻyinga qadar oʻsgan boʻladi. Klassik tur juda mashhur va doim ommabop hisoblanadi. Bu uslub asosan choʻzilgan va kvadrat yuz egalari uchun mos. Bundan dumaloq yuz egalari foydalanishi tavsiya berilmaydi. Chunki, notoʻgʻri shakllantirilsa yuzni yanada toʻlaroq qilib koʻrsatishi mumkin.
Goatee Soqol uslubi

Goatee faqat iyak atrofida oʻsadigan soqol turi boʻlib, u iyagi tor boʻlganlar uchun ideal uslub hisoblanadi. Ushbu soqol turi deyarli barcha yuz egalari uchun mos keladi. Parvarish kam talab etiladi. Ammo jamiyat va yon-atrof, madaniyat uchun toʻgʻri shakllantirib borilishi shart.
Goatee uslubi korporativ tadbirlar, norasmiy uchrashuvlar, bozor va teatr safarlari uchun juda mos.
Chin Strap soqol uslubi

Oʻzbekistonlik yoshlar oʻrtasida ommalashayotgan Chin Strap — bu jagʻ chizigʻi boʻylab ingichka chiziq shaklida oʻsadigan soqol turi. Koʻpincha yonoq va iyak tepasidagi qismlar qirilgan va soqol faqat jagʻ chizigʻi atrofida shakllanadi. Bu xuddi tasmani eslatadi. Bu uslubda soqol ikkala quloq ostidan iyakka qarab boradi. Yon qismlar ochiq boʻlib, odatda moʻylovsiz shakllantiriladi.
Ushbu soqol stili dumaloq va kvadrat, yaxshi aniqlangan jagʻ egalari uchun mos. Chin Strap turi juda parvarish talab qiladi: har kuni deyarli tekshirib, chiziqlarni saqlab turish kerak.
Soqol parvarishida nimalarga e’tibor berish kerak
To‘g‘ri stilist tanlash
Toshkentdagi sartaroshxonalarda bir martalik soqol parvarishi narxi 70 mingdan 150 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Bu xizmatga ikki haftalik sartarosh maslahatlari ham kiradi. Poytaxtda soqol parvarishiga oyiga o‘rtacha 300 ming so‘mgacha sarflanadi. Taqqoslash uchun, boshqa viloyat markazlari va Nukus shahrida ushbu xizmat narxi 30 mingdan 70 ming so‘mgacha bo‘ladi. Agar viloyatlarda ikki haftada bir marta sartaroshga borilsa, oyiga 60 mingdan 140 ming so‘mgacha mablag‘ sarflanishi mumkin.
Parvarishi uchun vositalardan foydalanish
Soqol yog‘i soqol ostidagi terini ham, soqolni ham yumshoq saqlash uchun oziqlantirishga yordam beradi. Yandex Market’da soqol moylaridan birining narxi 139 ming so‘mdan boshlanadi. Bu narx boshqa savdo platfomalari va do‘konlarda farq qilishi mumkin.
Muddatni qat’iy belgilab olish
Soqol ham doimiy parvarishni talab qiladi. Har ikki haftada bir marta sartarosh qabuliga borishingiz foydali. Bu odat bilan yuz tuklarining tartibsiz o‘sishi oldi oladi.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri sport zaliga bormasdan turib qorindagi ortiqcha vaznni yoʻqotish uchun yettita mashq haqida yozgan edi.