
Tayvan prokuraturasi OnePlus hammuassisi va Oppo mahsulotlar bo‘yicha rahbari Pit Launi hibsga olishga order berdi. U 70 dan ortiq tayvanlik muhandisni noqonuniy yollashda hamda $73 mlnga yaqin mablag‘ni soliq to‘lamasdan o‘tkazishda gumonlanmoqda.
2014-yilda Pit Lau Tayvanda OnePlus ilovalari uchun dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi, testdan o‘tkazuvchi va tekshiruvchi maxfiy guruh tuzishga kelishgan. Faoliyat zarur yuridik ruxsatnomalarsiz boshlangan bo‘lib, moliyalashtirish va maoshlar Gonkongdagi vositachilar orqali aylanma yo‘llar bilan amalga oshirilgan.
Lau bilan birga uning qo‘l ostida ishlagan ikki nafar Tayvan fuqarosiga ham ayblov e’lon qilindi. Ularga «Tayvan va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risidagi qonun»ni buzish aybi qo‘yilgan. Tayvan hukumati Xitoy texnologiya kompaniyalari tomonidan mahalliy mutaxassislarning og‘dirib ketilishiga faol qarshilik ko‘rsatadi va rasmiy ruxsatsiz mahalliy vakolatxonalar ochishni taqiqlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OnePlus yangi Turbo 6 va Turbo 6V smartfonlarining taqdimot sanasini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edi.