
Bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan davlat obyektlari bo‘yicha qo‘llanib kelinayotgan moliyaviy yuklama qisqartirilmoqda. Xususan, bunday obyektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash amaliyoti bekor qilinadi.
So‘nggi to‘rt yil davomida auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yer maydonining 3 ming gektarida qurilish ishlari boshlanmagani qayd etildi. Natijada qo‘shimcha 100 ming ish o‘rni va 20–25 trln so‘m miqdoridagi qo‘shilgan qiymat yo‘qotilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi hamda 122 ta davlat obyekti bir yildan ortiq vaqt davomida sotilmay turgani ma’lum qilindi. Xususiylashtirish dasturini shakllantirish va obyektlarni sotishda hokimlar ishtirokining yetarli emasligi, tadbirkorlar fikri oldindan o‘rganilmayotgani tanqid qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, xususiylashtirish dasturiga obyektlarni kiritish, ularni sotish hamda investitsiya samaradorligi bo‘yicha hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan teng mas’ul bo‘lishi belgilandi. Shuningdek, bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan obyektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash amaliyoti bekor qilinadi.
Bundan tashqari, shaharsozlik kengashida mavjud 26 ta idora o‘rtasidagi hamkorlik yetishmasligi ham sansalorlik sababi sifatida ko‘rsatildi. Shu sababli, endilikda Toshkent shahri va viloyat hokimlari shaharsozlik kengashiga boshchilik qilib, tadbirkorlar masalalariga yakuniy yechim berishi belgilandi.
Qurilish sohasida «Shaffof qurilish» reytingi doirasida lizingga olingan texnika hisobga olinmayotgani noto‘g‘ri ekani qayd etildi. Qurilish vazirligiga lizing texnikalari bo‘yicha elektron bazani yaratish va tizimga integratsiya qilish topshirildi. Shuningdek, pudrat korxonalariga chet eldan texnika olib kirish bo‘yicha yiliga bir dona cheklovini bekor qilish zarurligi bildirildi.
Mutasaddilarga uch oy muddatda qurilishga ruxsat olishdan tortib, obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni tahlil qilib, talablar, muddatlar va to‘lovlarni ikki barobargacha qisqartirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq so‘nggi to‘qqiz yilda qurilish ishlari hajmi 314 trln so‘mga yetgani haqida yozgan edik.