
14-aprel kuni tongda BYD kompaniyasining Pingshan hududidagi majmuasida yong‘in yuzaga kelgan. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Mahalliy favqulodda xizmatlar voqea haqida signal tushishi bilan darhol yetib kelib, yong‘inni bartaraf etgan. Rasm va videolarda zavod hududidan quyuq tutun ko‘tarilgani ko‘ringan. Yong‘in ko‘p qavatli avtoturargohda yuz bergan bo‘lib, bu joyda sinovdan o‘tayotgan va utilizatsiya qilinadigan avtomobillar saqlangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Hozircha yong‘in sababi ochiqlanmagan. Kompaniya bayonotida ushbu hodisa ishlab chiqarish sexlariga ta’sir qilmagani ta’kidlandi. Zavod faoliyati odatdagi tartibda davom etmoqda.
BYD hozirda Xitoydagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Ammo u joriy yilning birinchi choragida elektromobillar savdosi bo‘yicha Tesla kompaniyasidan ortda qolgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Denza D9 yangi avlodi qachondan sotuvga chiqishi haqida yozgan edi.