
O‘zbekistonlik 15 yoshli iqtidorli futbolchi Zufarxo‘ja Akramxo‘jayev o‘z faoliyatini Londonning «Chelsi» klubi tizimida davom ettiradi. U Angliyada o‘tkazilgan ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tib, akademiyaning U15 jamoasiga qabul qilindi.
Futbolchi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etib, o‘zini ko‘rsata olgan. Klubdagilar uning o‘yinni tushunishi, texnikasi va maydondagi ishonchini alohida ta’kidlagan. Natijada 10-aprel kuni futbolchiga «Chelsi» akademiyasidan rasmiy taklif kelib tushgan.

Klub hujjatida o‘yinchining yuqori salohiyati qayd etilib, uning tayyorgarlik tizimiga kiritilganidan mamnunlik bildirilgan. Akademiya vakillari futbolchining London klubi tarkibida kelgusida yanada rivojlanishiga ishonch bildirgan. Zufarxo‘ja Akramxo‘jayevning «Chelsi» bilan shartnomasi ikki yilga mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, yozda «Chelsi» tarkibiga ayni paytda Olmaotaning «Qayrat» jamoasida to‘p surayotgan qozog‘istonlik hujumchi Dastan Satpayev ham qo‘shilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» o‘z uyida «Chelsi»ni mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.