
Gonkong shahrida bo‘lib o‘tayotgan shaybali xokkey bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionatining III divizion «B» guruhi bahslarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Lyuksemburg ustidan 14:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston terma jamoasi mazkur turnirda sermahsul hujumkorlik qayd etib, eng ko‘p shayba kiritgan jamoa bo‘lib turibdi. Avvalgi turlarda jamoa Filippin terma jamoasini 28:3, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) jamoasini esa 20:3 va Mo‘g‘uliston termasini esa 26:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Natijada, yuz foizlik g‘alaba va umumiy 88:7 to‘plar farqi bilan ustunlik ta’minlandi.

Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) ro‘yxatida musobaqaning eng yaxshi to‘purarlari va assistentlari qatorining yuqori o‘rinlarini aynan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari band etib turibdi. Ular qatorida Vadim Kravchenko, Pavel Sinyavskiy va Vasiliy Jilov kabi xokkeychilar qayd etilgan.
O‘zbekiston terma jamoasining joriy turnirdagi asosiy maqsadi — guruhda birinchi o‘rinni egallab, kelgusi yili III divizionning «A» guruhiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdan iborat.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon chempionati doirasida O‘zbekiston xokkey terma jamoasi Shimoliy Koreyani yirik hisobda yenggani haqida xabar bergan edi.