
Xiaomi yaqin yillarda arzon elektromobillar ishlab chiqarmasligini ma’lum qildi. Kompaniya rahbari Ley Junning aytishicha, narxi $14 mingdan past bo‘lgan modellardan voz kechiladi.
U bu haqda 17-aprel kuni SU7 modelining sinov efiri davomida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy va aqlli avtomobillarni ishlab chiqish xarajatlari yuqori bo‘lgani uchun arzon segmentga kirish qiyin. Ley Jun yangi avlod SU7 modelida 100 dan ortiq yangilanish borligini aytdi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish xarajatlari qariyb $2,8 mingga oshgan. Biroq avtomobil narxi atigi $560 ga qimmatlashgan.

Yangilangan SU7 boshlang‘ich narxi 219,9 ming yuan yoki taxminan $30,3 mingni tashkil etadi. Bu Xiaomi tanlagan narx siyosati yuqori segmentga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi. Kompaniya ushbu strategiyani kuchli talab bilan izohladi. 2026-yilgi SU7 modeli taqdimotdan so‘ng 34 daqiqa ichida 15 mingta buyurtma yig‘gan.
Xiaomi elektromobil bozorida yuqori texnologiyali va qimmatroq modellarga e’tibor qaratmoqda. Kompaniya aqlli boshqaruv tizimlari, dasturiy platformalar va ilg‘or texnologiyalarni ustuvor deb biladi. Xitoyda arzon elektromobillar segmentida raqobat juda yuqori. Bu segmentda asosan sodda va arzon modellarga talab yuqori.
2026-yil boshida kichik elektromobillar savdosi pasaygan. Ayrim modellarda yiliga 50 foizdan ortiq kamayish kuzatilgan. Bu esa arzon segmentdagi beqarorlikni ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi kompaniyasi Redmi Buds 8 quloqchinlarini 22-aprel kuni taqdim etishi haqida yozgan edi.