Avto

Yangi Chevrolet Onix O‘zbekistonda ishlab chiqariladimi

2026-yilgi Onix Meksikaga Xitoydan import qilinadi
Yangi Chevrolet Onix O‘zbekistonda ishlab chiqariladimi
Foto: Chevrolet / SI yordamida sayqallangan

General Motors (GM) kompaniyasi bir qator davlatlarda Chevrolet Onix 2026 modelini taqdim etdi. «Kursiv» ushbu avtomobilning mahalliy bozordagi kelajagi yuzasidan «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

Kompaniyaning nashr so‘roviga yo‘llagan javobida hozirgi vaqtda Chevrolet Onix 2026 modelini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmagani qayd etilgan.

«Mazkur yo‘nalishda tegishli qarorlar qabul qilingan taqdirda, bu haqda jamiyatning rasmiy axborot resurslarida e’lon qilinadi», — deyiladi kompaniya izohida.

Foto: Chevrolet

Model haqida

GM Meksika vakolatxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Onix har bir kilometrda o‘z uslubini namoyon etadi. Kompaniya, shuningdek, tejamkorlikka yo‘naltirilgan boshlang‘ich versiyalar ham taklif qilinayotganini bildirdi. Yangi Onix besh xil variantda sotuvga chiqdi. LS, LT va Premier komplektatsiyalari mavjud. Eng yuqori talqin Premier Redline qora detallari va qizil aksentlari bilan ajralib turadi.

Foto: Chevrolet

Texnik jihatdan, boshlang‘ich versiyalar 1,3 litrli atmosferali uch silindrli dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 101 ot kuchini tashkil etadi. Bu variantlar faqat 5 pog‘onali mexanik uzatma bilan taklif etiladi. Yuqori komplektatsiyalar 1,0 litrli turbo dvigatelga ega. U 116 ot kuchi ishlab chiqaradi va 6 pog‘onali avtomatik uzatma bilan taqdim qilinadi.

Foto: Chevrolet

2026-yilgi Onix Meksikaga Xitoydan import qilinadi. Shu sabab model Braziliyada yangilangan old dizayn va interyerni olmadi. Mamlakatda u eng ommabop Aveo‘dan pastroq segmentda joylashgan.

Yangi model

Shuningdek, Chevrolet’ning Braziliyadagi bo‘linmasi 2026-yilgi Onix Activ modelini taqdim etishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgan edi.

Foto: Chevrolet

Avtomobilning osma tizimida amalga oshirilgan texnik o‘zgarishlar haqida ham dastlabki ma’lumotlar berildi. Modelning to‘liq taqdimoti yaqin haftalarda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Foto: Chevrolet

GM South America’ning mahsulot marketingi direktori Paula Saiani yangi Onix Activ haqida fikr bildirib, model segmentda eng talabgir xususiyatlarni o‘zida jamlashini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil yanada jozibador dizayn, boyroq jihozlar va yuqoriroq pozitsiyaga ega bo‘ladi hamda boshlang‘ich darajadagi krossoverlarga muqobil variant sifatida taklif etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Chevrolet Onix 2026 avtomobili savdoga chiqqani haqida yozgan edi.