
25-aprel kuni o‘tkaziladigan Elit Chempionlar ligasi finalida o‘zbekistonlik hakamlar jamoasi faoliyat olib boradi. Bu haqda O‘zbekiston futbol hakamlari markazi xabar bermoqda.
Hal qiluvchi bahsda Saudiya Arabistonining «Al Ahli» hamda Yaponiyaning «Machida» jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Mazkur uchrashuvda Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida ishlaydi. Unga Andrey Sapenko yordamchi hakam sifatida ko‘maklashadi. Shuningdek, Firdavs Norsafarov o‘yinda AVAR hakami vazifasini bajarishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik hakamlar jamoasi AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ham ishtirok etadi. 11-iyundan 19-iyulga qadar davom etadigan ushbu mundialda Ilgiz Tantashev bosh hakam, Andrey Sapenko hamda Timur Gaynullin esa yordamchi hakam sifatida faoliyat olib borishi tasdiqlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Nasaf» Elit OChLning so‘nggi turida «Sharja» ustidan g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.