
Tesla kompaniyasi 2026-yil uchun $25 mlrddan ortiq sarflashni rejalashtirmoqda. Bloomberg xabariga ko‘ra, xarajatlar e’lonidan so‘ng kompaniya aksiyalari pasaygan.
Ilgari bu xarajatlar $20 mlrd atrofida deb aytilgan edi. Solishtirish uchun, 2025-yilda Tesla xarajatlari taxminan $8,5 mlrd bo‘lgan. 2024-yilda esa bu raqam $11 mlrd atrofida edi.
Hisobotdan keyin aksiyalar avval o‘sgan. Bu kompaniyaning so‘nggi chorakda $2,5 mlrd dan kam sarf qilgani va $1,44 mlrd erkin pul oqimi ko‘rsatgani bilan bog‘liq bo‘ldi. Biroq yangi prognoz investorlarni xavotirga soldi. Tahlilchilar fikricha, yuqori xarajatlar daromad qaytishi muddatini uzaytirishi mumkin.
Shu bilan birga, kompaniyaning ayrim loyihalari bo‘yicha xabarlar ham bozorga ta’sir qildi. Ilon Mask robotaksi biznesi kamida keyingi yilgacha sezilarli daromad bermasligini aytdi. Bundan tashqari, Optimus robotlarining yangi versiyasi taqdimoti iyul oxiri yoki avgustga ko‘chirildi. Ilk bosqichda ishlab chiqarish sekin kechishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tesla avtomobillarida oynatozalagichlarni yangilagani haqida yozgan edi.