
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov aprel oyi yakunlariga ko‘ra klubning eng yaxshi futbolchisi unvoniga nomzodlar qatoriga kiritildi. U mart oyida ham ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan edi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Klub tomonidan e’lon qilingan oylik so‘rovnomada Husanov bilan birgalikda portugaliyalik yarim himoyachi Bernardu Silva hamda Niko Orayli ham nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Husanov aprel oyida «shaharliklar» safida 3 ta uchrashuvda to‘liq 90 daqiqadan harakat qildi. Husanov asosiy tarkibda to‘liq harakat qilgan ushbu bahslarning barchasida jamoa g‘alaba qozongan.

«Husanovning tezligi, kuchi va tajovuzkorligi yana bir bor «Siti» himoyasi markazida asosiy omil ekani isbotlandi. Shu bilan birga, 21 yoshli futbolchi maydonni ajoyib ko‘ra olishi, uzatmalar diapazoni va muhim o‘yinlarda qatnasha olish qobiliyatini ham namoyish etdi», — deyiladi «Manchester Siti» rasmiy sayti bayonotida.
G‘olib nomi muxlislar o‘rtasida o‘tkaziladigan onlayn ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Agar Husanov bu safar ham eng ko‘p ovoz to‘plasa, qatorasiga ikkinchi marta mazkur nufuzli sovrin egasiga aylanadi. Ovoz berish uchun ushbu havola orqali o‘ting.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» g‘alaba qozonib, turnir jadvalida «Arsenal»dan o‘tib ketgani haqida xabar bergan edi.