
2026-yil 31-mart holatiga ko‘ra 900 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Rossiyada patent asosida ishlab kelmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Elyor Toshtemirov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida jami 1,3 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, ularning qariyb 1 mln nafari mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ammo Rossiyadan tashqari, o‘zbekistonliklar boshqa davlatlarda ham ishlaydi va yildan-yilga ularning soni ortmoqda. Buning natijasida pul o‘tkazmalari hajmi ham ko‘paymoqda. Masalan, 2025-yilda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan kelgan pul o‘tkazmalari miqdori $410 mlndan $563 mlnga (+37%) o‘sdi.
Xorijdagi yangi ish o‘rinlari, Yevropadagi maoshlar hamda talab yuqori bo‘lgan kasblar borasida Kursiv Uzbekistan nashri Turon World kompaniyasi direktori Islomjon Jo‘raxonov bilan suhbatlashdi.
Mundarija
- Nega aynan Yevropa bozori;
- Yevropadagi taqchillik: kimlarga talab juda yuqori;
- Daromadlar qancha: yevrodagi maoshlar va «Tax-free» siri;
- Til bilish, malaka va xarajatlar;
- Jarayon muddati va firibgarlikdan himoyalanish.
Nega aynan Yevropa bozori?
Turon World vakilining ta’kidlashicha, ular fuqarolarni Rossiyaga ishga yubormaydi.
«Buning sabablari bor. Birinchi sababi, bu Rossiyada mojarolar ko‘p bo‘lishi. Masalan, bizning mehnat migrantlarimizni Rossiya davlati fuqarolari tomonidan kamsitilishi yoki huquqlarini poymol qilishlari. Ikkinchi sababi yuqori oylik topish u yerda qiyin bo‘lib qoldi», – dedi Islomjon Jo‘raxonov.
Mojaroli vaziyatlarning oldini olish maqsadida kompaniya asosiy e’tiborni Yevropa, Arab davlatlari va Janubiy Koreyaga qaratgan. Hozirgi kunda Finlyandiya, Ruminiya, Polsha, Slovakiya, Xorvatiya, Latviya, Bolgariya kabi davlatlar bilan faol hamkorlik olib borilmoqda. Buyuk Britaniyaga esa asosan ta’lim yo‘nalishida fuqarolar yuboriladi.
Yevropadagi taqchillik: kimlarga talab juda yuqori
2026-yilgi mavsum uchun eng ko‘p buyurtma tushayotgan davlatlar Ruminiya va Polsha hisoblanadi. Bu davlatlardan asosan og‘ir yuk mashinasi, ya’ni fura haydovchilariga o‘ta yuqori talab shakllangan. Mutaxassisning aytishicha, Yevropa Ittifoqida fura haydovchilarining o‘rtacha yoshi kattalashib bormoqda, yoshlar esa bu kasbga unchalik qiziqmayapti.
«Yevropada yuk mashinasi (fura) haydovchilarining aksariyati 40 – 50 yoshdan oshgan. U yerda pensiya yoshi 60 – 65 yosh ekanini hisobga olsak, haydovchilarning ko‘pi nafaqaga chiqish arafasida. Afsuski, ularning o‘rnini bosadigan yoshlar juda kam. Hozirgi kunda haydovchilik guvohnomasi olish yoshiga yetgan yigit-qizlar fura haydashga unchalik qiziqmayapti, ular ko‘proq IT kabi zamonaviy sohalarni tanlashmoqda», – deya ta’kidladi kompaniya rahbari.

Agar vaziyat o‘zgarmasa, 2030-yilga borib Yevropada fura haydovchilari taqchilligi 700 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Hozirning o‘zida bu ko‘rsatkich 250 ming nafarni tashkil etadi. Kadrlar yetishmovchiligi sababli bu sohada oylik maoshlar ham muttasil o‘sib boryapti. Agentlik joriy yilda kamida 500 nafar o‘zbekistonlik haydovchini Ruminiya va Polshaga ishga yuborishni maqsad qilgan.
Daromadlar qancha: yevrodagi maoshlar va «Tax-free» siri
Yevropa davlatlarida taklif qilinayotgan maoshlar ancha jozibador. Qayd etish joizki, barcha aytilgan raqamlar soliqlar ushlab qolingandan keyingi, ya’ni ishchining to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘liga tegadigan toza daromadidir. Fura haydovchilariga taklif qilinayotgan eng kam maosh $2,5 ming atrofida bo‘lsa, eng yuqorisi $3 minggacha yetadi. Xorvatiya va Bolgariyadagi qurilish obyektlarida oyliklar $800 dan boshlanib, o‘rtacha $1,2 mingni tashkil qiladi, ayrim hollarda $1,5 minggacha ham chiqishi mumkin.
«Biz fuqarolarni qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 3 va 6 oylik mavsumiy ishlarga yuboramiz. Masalan, Bolgariyaga 6 oylik, Finlyandiyaga esa 3 oylik muddatga jo‘natiladi», – deya qo‘shimcha qildi Islomjon Jo‘raxonov.
Finlyandiyada uch oylik mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida terimchilarga o‘rtacha $2 ming to‘lanadi. Bu raqam ishchining chaqqonligiga qarab yana oshishi mumkin. Bolgariyada olti oylik qishloq xo‘jaligida oylik $600 atrofida. Latviyadagi omborxonalarda ishchilar $1000 maosh olsa, Kiprdagi restoranlarda ofitsiant va oshpazlar qariyb $1,2 ming – $1,3 ming oylik hamda qo‘shimcha choy-chaqa topish imkoniyatiga ega.
Qiziqarli jihati shundaki, chet el fuqarosi bo‘lgan migrantlar o‘z yurtiga qaytayotganida «Tax-free» tizimi orqali yil davomida to‘lagan soliqlarining katta qismini qaytarib olishlari mumkin. Bu jarayon bir hafta vaqt oladi va ishchining plastik kartasiga o‘rtacha $3 ming yoki $4 ming atrofida qo‘shimcha mablag‘ kelib tushadi.
Til bilish, malaka va xarajatlar
Xorijlik ish beruvchilar asosan kamida ikki-uch yillik kasbiy malaka hamda til bilishni (asosan rus tili, yuqori maoshli ishlar uchun ingliz tili) talab qiladi. Agar fuqaroda til yoki kasb ko‘nikmasi bo‘lmasa, ular davlat tomonidan tashkil etilgan monomarkazlarda bepul o‘qitiladi. Hozirda ham qariyb 60 kishi aynan shu dastur asosida tahsil olmoqda.

Moliyaviy xarajatlarga keladigan bo‘lsak, qonuniy xususiy bandlik agentligining xizmat haqi belgilangan tartibda 412 ming so‘mni tashkil etadi. Biroq ba’zida jarayonga qo‘shiladigan konsalting firmalari o‘z xizmatlari uchun 4 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha haq olishi mumkin. Bundan tashqari, hujjatlarni tarjima qilish, apostil qo‘yish, elchixona to‘lovlari ($120 dan $ 200 gacha) hamda aviachipta va sug‘urta ($300 dan $600 gacha) kabi xarajatlar ham mavjud.
Umumiy hisobda fuqaro ketish oldidan o‘rtacha $ 1,5 ming atrofida xarajat qiladi. Davlat tomonidan migrantlarga yengillik yaratish maqsadida aviachipta narxining 50 foizi qoplab berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Jarayon muddati va firibgarlikdan himoyalanish
Hujjatlar topshirilgandan so‘ng ishga jo‘nab ketishgacha o‘rtacha 6 – 8 oy vaqt ketadi. Ammo bu muddat elchixonalardagi navbatlar yoki ish beruvchining talablariga ko‘ra farq qilishi mumkin. Muxbirimizning tarmoqlardagi turli yolg‘onchi firmalardan qanday himoyalanish kerakligi haqidagi savoliga agentlik vakili aniq ko‘rsatmalar berdi.
Avvalo, tashkilotning oddiy tadbirkorlik litsenziyasi emas, balki aynan «Xususiy bandlik agentligi» maqomini beruvchi litsenziyasi borligini tekshirish kerak. Buni Migratsiya agentligining rasmiy sayti orqali osonlik bilan aniqlash mumkin. Shuningdek, tuzilayotgan shartnomani sinchiklab o‘qib chiqish, unda agentlikning xorijga ketgan fuqaroni olti oy davomida monitoring qilib borish majburiyati kiritilganiga e’tibor qaratish lozim.
«Biz bilan bog‘langan har bir hamkorning takliflari va vakansiyalarini diqqat bilan o‘rganib chiqamiz. Shuningdek, ish beruvchilarning ishonchliligini tekshirish maqsadida ularning veb-saytlarini tahlil qilamiz. Odatda, nufuzli va o’ziga ishongan kompaniyalar o‘z saytlarida barcha zarur hujjatlarni — guvohnoma, litsenziya, shuningdek, auditorlar tomonidan tasdiqlangan yillik va moliyaviy hisobotlarni ochiq joylashtiradi. Biz ularning moliyaviy holati va yillik hisobotlarigacha sinchiklab tahlil qilamiz», – dedi Turon World kompaniyasi direktori.
Agar fuqaro chet elga borgach muammolar (maosh kechikishi, yashash sharoiti yomonligi) yuzaga kelsa, agentlik ish beruvchi bilan muzokaralar olib boradi. Agar muzokaralar naf bermasa, Tashqi ishlar vazirligi orqali o‘sha davlatdagi elchixonamiz vakillari ishga jalb qilinadi.