Gadjetlar

Samsung yangi aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etishi kutilmoqda

Narxi $379 – $479 atrofida bo‘lishi kutilmoqda
Samsung yangi aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etishi kutilmoqda / Foto: Android Headlines

Samsung kompaniyasining yangi aqlli ko‘zoynaklarining dastlabki render tasvirlar va texnik ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Android Headlines ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Samsung Galaxy Glasses nomi ostidagi qurilma Ray-Ban uslubiga yaqin dizaynga ega bo‘lib, yon tomonlarida foto va video olish uchun kameralar bilan jihozlangan.

Yangi qurilma Android XR platformasida ishlaydi va Google Gemini sun’iy intellektini qo‘llab-quvvatlaydi. Unda alohida displey mavjud emas, barcha funksiyalar esa ovozli buyruqlar orqali boshqariladi. Foydalanuvchi tarjima qilish, ob-havo ma’lumotini olish yoki suratga olish kabi amallarni ovoz orqali bajarishi mumkin.

Foto: Android Headlines

Texnik jihatdan qurilmada Qualcomm Snapdragon AR1 protsessori, 155 mA/soat sig‘imli akkumulyator hamda Sony IMX681 sensoriga asoslangan 12 megapikselli kameralar o‘rnatilishi kutilmoqda. Shuningdek, Wi-Fi va Bluetooth modullari ham mavjud bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy Glasses narxi $379 – $479 atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Qurilma 2026-yilda taqdim etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 2027-yilda microLED displeyga ega yanada rivojlangan versiyasi ham chiqishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei AI Glasses sun’iy intellektli ko‘zoynaklari taqdim etilgan edi.