
Fransiya poytaxti Parijda UEFA Chempionlar ligasining yarim final dastlabki uchrashuvi doirasida PSJ Myunxenning «Bavariya» klubini qabul qilib, 5:4 hisobida ustun keldi.
Uchrashuvning 17-daqiqasida Harri Keyn penaltidan hisobni ochdi. Bunga javoban parijliklar tezkor hujumlar uyushtirib, 24-daqiqada Xvicha Kvaratsxeliya va 33-daqiqada Juao Neveshning gollari evaziga oldinga chiqib oldi. Taym oxiri 41-daqiqada Maykl Olise hisobni tenglashtirdi, ammo 45+5-daqiqada Usmon Dembele penaltini aniq amalga oshirib, taym yakunini 3:2 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida PSJ o‘z ustunligini oshirdi. 56-daqiqada Kvaratsxeliya, 58-daqiqada esa Dembele o‘z dubllarini rasmiylashtirib, hisobni 5:2 ga yetkazdi. Shundan so‘ng myunxenliklar 65-daqiqada Dayo Upamekano va 68-daqiqada Luis Diasning gollari evaziga farqni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘yin oxirida keskinlik ortib, mezbonlar vakillari Ruis va Xakimi sariq kartochka bilan jazolandi. Final yo‘llanmasi taqdiri Myunxendagi «Alyans Arena» stadionida bo‘lib o‘tadigan javob uchrashuvida hal qilinadi. Uchrashuv 6-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Lion» o‘z maydonida PSJ’ni mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.