
Xiaomi yangi arzon plansheti — Redmi Pad 2 9.7 modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda GSMArena texnologiyalar nashri xabar bermoqda. Qurilma Malayziya va Singapur bozorlarida sotuvga chiqdi.
Planshet ikki xil variantda taklif etilmoqda. Birinchisi faqat Wi-Fi bilan ishlaydi, ikkinchisi esa Wi-Fi va 4G qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi model 2048×1280 pikselli IPS displeyga ega. Ekran yangilanish chastotasi 120 Hz ni tashkil etadi, maksimal yorqinlik esa 600 nitga yetadi.
Qurilma Snapdragon 6s Gen 2 protsessori asosida ishlaydi. Operativ xotira 4 GB, ichki xotira esa 64 yoki 128 GB variantlarda taqdim etilgan.

Kamera qismi oddiy darajada. Old kamera 5 MP, asosiy kamera esa 8 MP bilan jihozlangan. Planshet 7600 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. U 18 Vt quvvatli tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Ayrim bozorlarda esa 15 Vt adapter bilan yetkazib beriladi.
Qurilma qalinligi atigi 7,4 mm, og‘irligi esa 406 grammni tashkil etadi. Planshet yangi HyperOS 3 tizimi bilan ishlaydi. Narxlarga kelsak, Singapurda Wi-Fi versiyasi $180 dan boshlanadi. 4G qo‘llab-quvvatlovchi model esa $210 atrofida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi yangi smartfoni ustida ishlayotgani haqida yozgan edi.